O'zbekiston milliy hunarmandchilik mahsulotlari Nyu-York shahridagi ulgurji savdo ko'rgazmasida taqdim etildi

Fevral 06, 2025. 07:12 • 2 daq

• 348
O'zbekiston milliy hunarmandchilik mahsulotlari Nyu-York shahridagi ulgurji savdo ko'rgazmasida taqdim etildi

NYU-YORK, 6-fevral. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 2-4-fevral kunlari Nyu-York shahridagi "Javits Center" markazida bo'lib o'tgan "NY NOW" ulgurji savdo ko'rgazmasida O'zbekiston milliy stendi tashkil qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston milliy stendida "Gulnor Art" brendi ostida tabiiy ipakdan tayyorlangan, an'anaviy o'zbek naqshlari bilan bezatilgan buyumlar namoyish etildi. Mehmonlar O'zbekistonning ko'p asrlik madaniyatini zamonaviy uslub bilan uyg'unlashtirgan Shahrisabz iroqi kashtachiligini yuqori baholadilar. O'zbek hunarmandlarining ishlari nafaqat o'zining nafisligi bilan hayratga soldi, balki amaliy jihati bilan ham amerikalik moda ixlosmandlarining e'tiborini tortdi.

"Gulnor Art" korxonasi ko'rgazmada nafaqat o'z mahsulotlarini, balki boshqa o'zbek hunarmandlarning kulolchilik va temirchilik ishlari ham namoyish etdi.

Ishtirokchilarga betakror naqshlarni yaratish usullari, to'quvchi ustalar sulolalari hamda ushbu sohadagi zamonaviy tendensiyalar va innovatsiyalar haqida ma'lumot berildi.

O'zbekiston milliy stendi eng ko'p tashrif buyurilgan bo'limlardan biriga aylandi hamda ko'plab mehmonlar mamlakatimizga borish va qadimiy me'moriy binolarni, o'zbek xalqining noyob san'ati va urf-odatlarini o'z ko'zi bilan ko'rish istagini bildirdi.

Bundan tashqari, O'zbekiston stendida taqdim etilgan mahsulotlar amerikalik chakana xaridor va distribyutorlarga katta qiziqish uyg'otdi. Tadbir doirasida bir qator kelishuv va savdo shartnomalari ham tuzildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish