Logo

Misrda bo'lib o'tgan "Ismoiliya xalqaro folklor festivali"da o'zbek maqom san'ati namoyish qilindi

Noyabr 03, 2025. 14:03 • 2 daq

150
Misrda bo'lib o'tgan "Ismoiliya xalqaro folklor festivali"da o'zbek maqom san'ati namoyish qilindi

QOHIRA, 3-noyabr. /"Dunyo" AA/. 2025-yil 24–30-oktyabr kunlari O'zbekiston Milliy maqom san'ati markazi Jizzax bo'limi ijodiy guruhi Misrning Ismoiliya shahrida bo'lib o'tgan "Ismailia International Folklore Arts Festival"da ishtiroki bilan xalqaro madaniy maydonda yuksak ilhom uyg'otdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Festivalda Yevropa, Osiyo, Afrika va arab davlatlaridan, jumladan Polsha, Ruminiya, Gvineya, Iordaniya, Falastin, Livan, Jazoir, Shri-Lanka va Hindistondan kelgan 25 dan ortiq ijodiy guruh o'z milliy va an'anaviy san'at dasturlarini namoyish etdi. Bu xalqaro tadbir milliy madaniyatlarning turfa xilligini ko'rsatish va ijodiy tajriba almashish uchun muhim platformaga aylandi.

Hafta davomida mahalliy aholi va xorijiy mehmonlar Ismoiliyaning Shayx Zayd bog'i, Rim teatri, Oila klubi hamda boshqa ochiq va yopiq sahnalardagi chiqishlarga erkin tashrif buyurib, har bir ijodiy guruhning mahorati va milliy xarakterini baholadi. O'zbek ijodkorlarining dutor va doira sadolariga asoslangan klassik maqom ijrolari, milliy liboslardagi sahna chiqishlari va mahorati tomoshabinlar tomonidan eng yuqori bahoga sazovor topildi.

Ismoiliya viloyati gubernatori Akram Moxammed Galal O'zbekiston ijodiy guruhi va Elchixonasi vakillari bilan suhbatda, "O'zbekistonning milliy musiqasi va an'anaviy san'atining ta'sirli ijrolari jamoada va tomoshabinlarda katta hayajon uyg'otdi. Bu kabi tadbirlar madaniy diplomatiyadagi muhim vosita bo'lib, xalqlararo do'stlikni mustahkamlaydi", deb ta'kidladi va O'zbekiston san'atkorlarini festivalda doimiy ishtirok etishga taklif qildi.

Tadbir davomida tomonlar shu kabi xalqaro platforma orqali: milliy madaniyatni keng targ'ib qilish; yosh ijodkorlarning mahoratini rivojlantirish; tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish; xalqaro festival va seminarlarda qo'shma loyihalarni yo'lga qo'yish imkoniyatlari yaratish kabilarning ahamiyatini qayd etishdi.

Bu tashabbuslar orqali O'zbekiston Maqom san'ati nafaqat an'anaviy qadriyatlarini saqlab qolmoqda, balki uning xalqaro maydondagi obro'si va shu sohadagi ijodiy salohiyati yangi bosqichga ko'tarilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish