Birlashgan Arab Amirliklarida YUNESKO tashabbuslarida O'zbekistonning ishtirokiga bag'ishlangan xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi
Aprel 24, 2025. 10:12 • 2 daq
• 854
ABU-DABI, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Birlashgan Arab Amirliklarining Anvar Gargash nomidagi diplomatik akademiyasida "YUNESKO tashabbuslarida O'zbekistonning o'rni va barqaror taraqqiyot yo'lida BAA bilan hamkorlik" mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda BAA vazirlik va tashkilotlari, diplomatik korpus, ilmiy- akademik doiralar vakillari, Anvar Gargash nomidagi diplomatik akademiya mutasaddilari, OAV xodimlari, shuningdek, Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov, O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi vakillari ishtirok etdi.
Anvar Gargash nomidagi diplomatik akademiya direktori Nikolay Mladenov tadbir avvalidagi qutlov nutqida, mazkur anjuman muhim pallada, ya'ni O'zbekiston Prezidentining shu yil yanvar oyida Abu-Dabiga amalga oshirgan muvaffaqiyatli tashrifi va BAA Prezidentining O'zbekistonga kutilayotgan ilk tarixiy tashrifi arafasida bo'lib o'tayotganiga alohida urg'u berdi. Uning aytishicha, oliy darajadagi tashriflarning muntazamlik kasb etayotgani ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini chuqurlashtirishda muhim ahamiyatga ega.
"YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyaning joriy yil kuz faslida Samarqand shahrida o'tkazilishini qo'llab-quvvatlayman. Shuningdek, ushbu muhim tadbirga mezbonlikning qo'lga kiritilishini O'zbekiston rahbariyatining ulkan diplomatik g'alabasi, deb bilaman", dedi Nikolay Mladenov.
Tadbir davomida yig'ilganlar e'tiboriga mamlakatimizning boy tarixi, milliy qadriyatlari va madaniy merosi haqidagi muhim axborotlar taqdim etildi.
Davra suhbatining plenar qismida ishtirokchilar bir qator muhim mavzularda taqdimot o'tkazdilar. Xususan, O'zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasining strategik rivojlanish bo'yicha maslahatchisi Siril Zammit Samarqandda bo'lib o'tadigan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyaga tayyorgarlik ishlarining borishi haqida batafsil so'zlab berdi. Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidovning "O'zbekiston madaniy merosini global miqyosda targ'ib qilishda YUNESKO bilan hamkorligi, O'zbekistonning bu boradagi tashabbuslari" nomli ma'ruzasi ham yig'ilganlarga katta qiziqish uyg'otdi.
Anjuman doirasida O'zbekistonning boy tarixi, milliy qadriyatlari va madaniy merosiga bag'ishlangan ko'rgazma tashkil etildi hamda o'zbek palovini tayyorlash bo'yicha master-klass o'tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi