Daniyada o'zbek madaniy merosiga bag'ishlangan "Qo'lda to'qish san'ati – Abrbandi" nomli ko'rgazma bo'lib o'tayapti
Aprel 22, 2025. 11:27 • 2 daq
• 770
ORXUS, 22-aprel. /"Dunyo" AA/. Daniyaning Orxus shahrida "Qo'lda to'qish san'ati – Abrbandi" nomli ko'rgazma o'tkazilyapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

3-30-aprel kunlari bo'lib o'tayotgan mazkur ko'rgazma Daniyadagi vatandoshlar tashkiloti – "O'zbek tashabbuslari uyushmasi" tomonidan tashkil etildi.
Unda milliy an'anaviy to'qimachilik hunari, abrbandi san'ati - ipak qurti pillasi va paxta tolasidan ip olishdan tortib to tayyor matolargacha bo'lgan jarayonlarni aks ettiruvchi fotosuratlar, go'zal matolar, shuningdek, ko'rgazmali qurollar namoyish etilmoqda.
Loyiha muallifi, "O'zbek tashabbuslari uyushmasi" rahbari Ma'rifat Akbarova o'tgan yili avgust oyida Marg'ilon shahridagi an'anaviy xalqaro "Atlas bayrami" festivalida ishtirok etib, Daniyada doimiy ko'chma ko'rgazmani tashkil etishga bel bog'laganini ta'kidladi.
Tadbir doirasida "Adras matolari naqshlaridan ilhom olib chizing" mavzusida kreativ vorkshop uyushtirildi. Unda dizayner-tikuvchi Zulfizar Ahmedova tomonidan qiziqarli mashg'ulotlar o'tkazildi.
"Ko'rgazma davomida ipak qurti pillasidan tortib to tayyor matogacha bo'lgan jarayonning guvohi bo'ldik. Biz bu san'atning uzoq tarixi, xususan uning sobiq ittifoq davrida deyarli yo'qolishi va O'zbekiston mustaqillikka erishgach yana qayta tiklanganligi hamda bugun dunyoga keng targ'ib etilayotgani haqidagi muhim ma'lumotlar bilan tanishdik. Ushbu san'at qadim o'zbek madaniyatini o'zida ifoda etgani bilan hayratlanarlidir", – dedi ko'rgazma mehmoni Aske Yervin.
"Tashrif buyuruvchilar faqat go'zal va bejirim matolarni ko'rish bilan cheklanib qolmaydilar. Ular butun to'quv jarayoni, ya'ni ipak va paxta iplari qanday tayyorlanishi hamda o'zbek hunarmandchilik san'ati an'analari haqidagi juda ko'plab ma'lumotlarni bilib olishlari mumkin. To'qimachilik san'ati YUNESKOning Umumjahon nomoddiy madaniy merosi ro'yxatidan joy olgan. Biz o'zbek to'qimachilik san'atiga bag'ishlangan ko'rgazmani qabul qilayotganimizdan mamnunmiz", dedi Orxusdagi Gellerup kutubxonasi xodimi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi