Logo

Hindistonda o'zbek kinoijodkorlarining yangi badiiy filmi sahnalari suratga olindi

Iyun 24, 2025. 09:15 • 44 soniya

107
Hindistonda o'zbek kinoijodkorlarining yangi badiiy filmi sahnalari suratga olindi

DEHLI, 24-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonlik kinoijodkorlar "Omonatim" badiiy filmining Dehli va Agra shaharlaridagi sahnalarini suratga olish jarayonini yakunladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yangi kinoloyiha "Abbos media" studiyasi tomonidan "Shifokor-82" va Hindistonning "Avantika Medex Pvt. Ltd" kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

"Omonatim" filmi ijodiy guruhi zamonaviy jamiyat a'zolarining dunyoqarashi, xususan, ota va farzand munosabatlari mavzusini yoritishni o'z oldiga maqsad qilgan.

Kinokartina tarbiyaviy ahamiyat kasb etuvchi ko'plab dramatik sahnalar va mazmunli dialoglar asosiga qurilgan bo'lib, tomoshabinni katta va yosh avlod vakillari o'rtasidagi aloqalar haqida fikr yuritishga undaydi.

Film rejissyori – Abbos Abdullayev. Behzod Muhammadkarimov, Ra'no Zokirova, Nargiza Abdullayeva, Nurmamat Iskandarov, boshqa taniqli va yosh aktyorlar turli obrazlarni talqin qilmoqda.

Bugungi kunda yangi badiiy film sahnalarini mamlakatimiz hududlari, jumladan, Samarqand, Xorazm, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida tasvirga olish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish