Logo

Fransiya poytaxtida O'zbekiston madaniyati kunlari bo'lib o'tdi

May 28, 2025. 17:44 • 2 daq

103
Fransiya poytaxtida O'zbekiston madaniyati kunlari bo'lib o'tdi

PARIJ, 28-mart. /"Dunyo" AA/. Fransiya poytaxti Parij shahrida O'zbekiston madaniyati kunlari dasturi doirasidagi tadbirlar o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Asosiy tadbirlar Parijning eng nufuzli madaniy maskanlaridan biri – "Theatre de la Ville"da bo'lib o'tdi.

O'zbekiston madaniyati kunlari doirasida "Theatre de la Ville" va unga tutash Shatl maydonida respublikamizning turli hududlari an'analari, o'zbek milliy musiqasi, raqs va qo'shiqchilik san'atining eng sara namunalari namoyish etilgan madaniy tadbirlar tashkil etildi.

O'zbekiston xalq artisti, O'zbekiston davlat filarmoniyasining "Lazgi" ashula va raqs ansambli badiiy rahbari Og'abek Sobirov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Nodira Pirmatova, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Yulduz Turdiyeva, "Tumor" va "Bahor" ansambllari yakkaxon xonandalari, Yunus Rajabiy nomidagi O'zbekiston Milliy musiqa san'ati instituti o'qituvchisi Injigul Saburova va

O'zbekiston Davlat filarmoniyasi Qoraqalpog'iston bo'limi sozandasi Jonibek Piyazov ijrosidagi qo'shiqlar fransuz jamoatchiligiga katta taassurot qoldirdi.

Parijda bo'lib o'tgan O'zbekiston madaniyati kunlari davomida, shuningdek, Xorazm viloyati qo'g'irchoq teatri jamoasi tomonidan spektakl namoyish etildi.

O'zbekiston san'at ustalari ishtirokidagi madaniy tadbirlarda yuzlab Parij shahri aholisi va mehmonlari ishtirok etib, o'zbek milliy qo'shiqchilik san'atining yorqin hamda o'ziga xos jozibasidan bahramand bo'lishdi.

Bundan tashqari, tadbir doirasida mehmonlar O'zbekistonning boy sayyohlik salohiyati, hunarmandchilik va xalq amaliy san'ati elementlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldilar.

Shu kuni "Theatre de la Ville"ga kelgan tomoshabinlarga ko'ra, o'zbekistonlik san'atkorlarning chiqishlari ular uchun unutilmas madaniy voqeaga aylandi. O'zbek raqqosalarining yuksak ijro mahorati va ularning yorqin liboslari hech kimni befarq qoldirmadi.

Ta'kidlash joizki, fransuz jamoatchiligi e'tiboriga taqdim etilgan mamlakatimizning boy nomoddiy madaniy merosi namunalar o'zbek va fransuz xalqlari o'rtasidagi madaniy muloqot hamda o'zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qildi.

Delegatsiya rahbari, O'zbekiston madaniyat vazirining birinchi o'rinbosari Avazxon Tojixonov tashrif davomida Fransiya Madaniyat vazirligi rahbariyati bilan muloqot qildi. Vazirlik Bosh kotibi Luk Aliyer bilan uchrashuvda musiqa, teatr va kino sohalarida ikki tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha takliflar muhokama qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish