Logo

"Yaponiyada O'zbekiston madaniyati kunlari" dasturi doirasida Nagoya universitetida madaniy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi

May 05, 2025. 10:24 • 2 daq

87
"Yaponiyada O'zbekiston madaniyati kunlari" dasturi doirasida Nagoya universitetida madaniy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi

NAGOYA, 3-may. /"Dunyo" AA/. Nagoya shahrida "Abadiy rishtalar: O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalarni o'rganish" mavzusida madaniy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Yurtimiz elchixonasi tashabbusi bilan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti va Nagoya universiteti bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda Nagoya universiteti prezidenti, doktor Naoshi Sugiyama, "Yaponiya-O'zbekiston" jamiyati raisi Fumixiko Kato, Nagoya shahri rasmiy, biznes, akademik va madaniy doiralari vakillari hamda Aichi prefekturasida istiqomat qilayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Nagoya universiteti prezidenti, doktor Naoshi Sugiyama o'z nutqida, shu yil YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi O'zbekistonda o'tkazilishi munosabati bilan universitetda bunday tadbirning o'tkazilishi sharaf ekanligini bildirdi.

"2019-yilda O'zbekiston Prezidentining Nagoya universitetiga tashrifi yurtingiz oliy ta'lim muassasalari bilan ta'lim va fan sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratdi. Hozirda YUNESKO maqsad va vazifalariga hamohang ravishda huquqshunoslik, texnika, sog'liqni saqlash, madaniyatshunoslik, tarixshunoslik kabi yo'nalishlarda faol va samarali akademik loyihalar amalga oshirilmoqda", dedi u.

Elchi Muxsinxo'ja Abdurahmonov YUNESKO Bosh konferensiyasining navbatdagi sessiyasi so'nggi 40 yil ichida ilk marotaba boshqa davlat hududi, ya'ni O'zbekistonda o'tkazilayotgani tarixiy voqea ekanligini, bunday yuqori darajadagi tadbirning yurtimizda tashkil qilinishi davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosat va xalqaro tashabbuslar mahsuli ekanini ta'kidladi. 

Shuningdek, Samarqandning ushbu jahon miqyosidagi tadbirni o'tkazish manzili sifatida tanlanishi mamlakatimizning madaniyat, fan va ta'lim sohasidagi yutuqlari hamda boy tarixiy va madaniy merosining yuksak e'tirofi bo'lgani qayd etildi.

Toshkent davlat texnika universiteti rektori Sadriddin Turobjonov Nagoya universiteti bilan ko'p yillardan buyon ta'lim, tadqiqot va talabalar almashinuvi borasida yaqin sheriklik aloqalari yo'lga qo'yilganini qayd etdi. Hamkorlik doirasida nobel mukofoti laureatlari professorlar Noyori va Amanoning O'zbekistonga tashrifi tashkil etildi. Qayd etilishicha, nobel mukofoti sovrindorlarining O'zbekistonga tashrifi yoshlarimizni ilmga, tadqiqotga va ma'rifatga chorlashda katta ko'mak berdi. 

 "Yaponiya-O'zbekiston" jamiyati raisi Fumihiko Kato o'z navbatida, so'nggi yillarda O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan tub islohotlar va uning ijobiy natijalarini yuksak baholadi.

Tadbir doirasida yurtimizdan kelgan ijodiy jamoalar ishtirokida konsert dasturi bo'lib o'tdi. Shuningdek, O'zbekistonning Yaponiyadagi madaniyat elchisi Mashu Komazaki o'zbek milliy musiqa asboblari tanbur, doira va dutorda milliy o'zbek kuylarini chalib berdi.

Anjuman davomida o'tkazilgan o'zbek milliy liboslari, xalq amaliy san'ati buyumlari ko'rgazmasi, "O'zbekiston milliy taomlari" festivali hamda o'zbek xalqining boy madaniy merosi, yurtimiz sayyohlik maskanlari haqida tarqatda materiallar yig'ilganlar e'tiborini tortdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish