Logo

O'zbekistonda Xalqaro an'anaviy tasviriy va amaliy san'at festivali bo'lib o'tmoqda

Aprel 23, 2025. 16:46 • 2 daq

125
O'zbekistonda Xalqaro an'anaviy tasviriy va amaliy san'at festivali bo'lib o'tmoqda

TOSHKENT, 24-aprel. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 21-25-aprel kunlari Respublikamiz bo'ylab "Atrof-muhitni asrash va "yashil" iqtisodiyot" yiliga bag'ishlangan Xalqaro an'anaviy tasviriy va amaliy san'at festivali bo'lib o'tmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar ko'magida tashkil etildi.


Xalqaro an'anaviy tasviriy va amaliy san'at festivali milliy san'atimizning avloddan avlodga o'tib kelayotgan boy merosini targ'ib etish, o'zbek tasviriy va amaliy san'ati yutuqlarini keng tanitish, ijodiy almashinuv, yangi iste'dodlarni yuzaga chiqarish, ustoz-shogird an'analarini davom ettirishga xizmat qilmoqda.


Festivalda Toshkent shahri, viloyat markazlari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi ko'rgazma zallarida taniqli xorijiy va mahalliy ijodkorlar, ustalarning saralangan asarlari asosida ko'rgazmalar, mahorat darslari va boshqa madaniy-ma'rifiy tadbirlar, xalqaro ilmiy konferensiyalar, oliy va o'rta, ixtisoslashgan va umumiy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh ijodkorlarning ijodiy loyihalari namoyishi bo'lib o'tmoqda.


Festivalga xalqaro miqyosda qiziqish katta. Badiiy akademiya 2023-yildan boshlab Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bilan tasviriy san'atda samarali hamkorlik qilib, turkiy olam yaratuvchanligini ko'rsatuvchi turli ijodiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda, ushbu tashkilotga a'zo Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston rassomlarining ko'rgazmasi o'tkazish an'anaga aylandi.


Dasturga ko'ra, bu yil O'zbekiston tasviriy san'at galereyasida TURKSOY davlatlaridan 21 nafar ayol rassomning "Turk dunyosining ayol rassomlari" nomli xalqaro ko'rgazmasi tashkil qilindi.


"Turk dunyosining ayol rassomlari" ko'rgazmasi, zamonaviy san'at va madaniyatimiz hayotida muhim voqelik bo'ldi. Bu loyiha turkiy ayol rassomlarning ijod orqali dunyoga o'z aytar so'zi, fikri borligini anglatadi.


Tasviriy san'at sohasida so'nggi yillarda O'zbekiston Badiiy akademiyasining Janubiy Koreya, xususan bu mamlakatning Kyomyon universiteti bilan aloqalar jadal rivojlanmoqda. Festival davomida Janubiy Koreyaning Kyomyon universiteti tasviriy san'at fakulteti professorlari badiiy ko'rgazmasi, talabalarining zamonaviy va an'anaviy liboslari namoyishi bo'lib o'tadi.


Bundan tashqari, dasturga Rossiya va Turkiya rassomlarining ko'rgazmalari va mahorat darslari, shuningdek, ikkita ilmiy-amaliy konferensiya kiritilgan.


Viloyatlarda O'zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasiga a'zo akademiklar, rassomlar va ustalar ishtirokida mahorat darslari o'tkazilmoqda.


Festival yakunida an'anaga ko'ra "Kamoliddin Behzod izdoshlari" miniatyura va xalq amaliy san'ati tanlovi g'oliblarini taqdirlash marosimi hamda tanlov ishtirokchilari ko'rgazmasining taqdimoti bo'lib o'tadi.


Xorijiy ishtirokchilar uchun yurtimizning madaniy merosi va tarixiy yodgorliklari bilan yaqindan tanishish maqsadida Samarqand shahriga bir kunlik sayohat tashkil etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish