Logo

Varshava shahrida "Ipak yo'li bo'ylab. O'zbekiston – Leon Barshevskiy izidan" mavzusida taqdimot tadbiri tashkil etildi

May 16, 2025. 15:21 • 58 soniya

702
Varshava shahrida "Ipak yo'li bo'ylab. O'zbekiston – Leon Barshevskiy izidan" mavzusida taqdimot tadbiri tashkil etildi

VARASHAVA, 16-may. /"Dunyo" AA/. Polsha poytaxtida "Ipak yo'li bo'ylab. O'zbekiston – Leon Barshevskiy izidan" mavzusida navbatdagi taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Taqdimot O'zbekiston elchixonasi tomonidan Leon Barshevskiyning nabirasi va uning arxivi egasi Igor Stroyeskiy bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirdan ko'zlangan maqsad Leon Barshevskiyning noyob va Igor Stroyeskiyning zamonaviy fotosuratlari orqali namoyish etilgan O'zbekistonning boy tarixi, madaniyati va me'moriy merosi bilan ishtirokchilarni yaqindan tanishtirishdan iborat bo'ldi. Anjumanda, shuningdek, Yangi O'zbekiston va uning tarixiy shaharlarining sayyohlik salohiyati ham namoyish etildi.

So'zga chiqqanlar O'zbekiston va Polsha o'rtasidagi tarixiy aloqalar, jumladan, zamonaviy O'zbekiston hududida istiqomat qilgan polyaklar taqdiri haqida to'xtaldilar. Bu ishtirokchilarga ikki madaniyat o'rtasidagi ko'p asrlik munosabatlarni yaxshiroq tushunish imkonini berdi.

Yig'ilganlar e'tiboriga, shuningdek, O'zbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirish, me'moriy obidalarni restavratsiya qilish, sayohatchilar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar haqidagi ma'lumotlar ham taqdim etildi.

Igor Stroyeskiy bobosi o'tgan yo'llar bo'ylab amalga oshirgan ekspeditsiyasi haqida batafsil so'zlab berdi. Xiva, Buxoro va Samarqand haqidagi noyob kadrlarni namoyish etdi. Ishtirokchilar 19-asrdagi tarixiy fotosuratlarni xuddi shu joylarning zamonaviy ko'rinishlari bilan solishtirish imkoniga ega bo'ldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish