Logo

"O'zbek tili bayrami" Janubiy Koreyada keng nishonlanmoqda

Oktabr 22, 2023. 11:43 • 3 daq

184
"O'zbek tili bayrami" Janubiy Koreyada keng nishonlanmoqda

SEUL, 22-oktyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston Respublikasining Seuldagi elchixonasi Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti bilan o'zaro hamkorlikda 21-oktyabr – O'zbek tili bayrami munosabati bilan qator tadbirlarni tashkil etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Jumladan, bayram arafasida mamlakatimiz diplomatiya vakolatxonasida Janubiy Koreyadagi "O'zbek tilining do'stlari" klubi a’zolari ishtirokida adabiy-ma’rifiy tadbir uyushtirildi.

Unda Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva rahbarligidagi delegatsiya a’zolari, Janubiy Koreyaning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri - Hankuk chet tillar universitetining Markaziy Osiyo tadqiqotlari kafedrasi mudiri, professor Li Ji Yon hamda ushbu ta’lim dargohida o'zbek tilini o'rganayotgan koreyalik talabalar ishtirok etishdi.

Tadbir qatnashchilari so'nggi yillar davomida O'zbekistonda barcha soha va tarmoqlar singari ona tilimizning qadri va nufuzini yanada oshirish borasidagi siyosat va amaliy ishlar yangi bosqichga ko'tarilgani, o'zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi va obro'sini yanada oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishdilar.

O'zbekistonning ko'p asrlik boy tarixi, madaniyati va an’analari, o'zining noyob asarlari hamda olamshumul kashfiyotlari bilan jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo'shgan ulug' mutafakkirlarimiz va yorqin namoyandalarimiz to'g'risidagi keng qamrovli ma’lumotlar koreyalik talabalarda katta qiziqish uyg'otdi.

- Bugun sayyoramizda 7 mingdan ziyod til mavjud bo'lib, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega, - dedi Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva. – Ana shunday davlat tili maqomini olgan ikki yuzga yaqin til orasida bizning ona tilimiz ham mavjudligidan behad faxrlanamiz. Hozirgi kunda dunyoning 50 milliondan ortiq aholisi o'zbek tilida so'zlashmoqda, ular soni tobora ortib bormoqda. Bundan tashqari, o'zbek tili dunyoning 60 dan ortiq universitetlari hamda 200 dan ortiq maktablarida o'qitilmoqda.

- Til har bir inson uchun o'z onasi kabi aziz va moʻtabardir, dedi tadbirda ishtirok etgan Hankuk chet tillar universiteti Markaziy Osiyo tadqiqotlari kafedrasi mudiri, professor Li Ji Yon. - Inson o'z ona tili vositasida yangi tushunchalarni anglaydi. Davlat rivojlanishi bilan davlat tili ham ravnaq topadi. Millatlarni ajratib turuvchi asosiy belgilaridan biri tildir. Har bir inson o'z ona tilini bilishi, uni ulug'lashi va boshqa millatlarning milliy tiliga ham hurmat bilan qarashi lozim. Men ham bugungi kunda Koreyadagi eng nufuzli oliy ta’lim dargohida talabalarga o'zbek tilidan saboq berilishidan nihoyatda faxrlanaman.

Tadbirda Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti rektori, professor Gulchehra Rixsiyeva hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kafedra mudiri, dotsent Mehribon Abdurahmonova hammuallifligida chop etilgan "O'zbek tili. Xorijliklar uchun" darsligining taqdimoti ham o'tkazildi.  

Uchrashuv davomida tadbir ishtirokchilari tomonidan o'zbek tilini tarannum etuvchi she’rlardan namunalar o'qildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish