“Made in Uzbekistan” milliy brendi Londonda targ‘ib qilindi
Aprel 06, 2026. 18:30 • 3 daq
• 50
LONDON, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi tomonidan “IFE London 2026” xalqaro ko‘rgazmasida milliy pavilyon namoyish qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“ExCeL London” ko‘rgazmalar majmuasida bo‘lib o‘tgan mazkur ko‘rgazma Yevropadagi oziq-ovqat va ichimliklar sohasidagi yirik ko‘rgazmalardan biri bo‘ldi. Unda 1,5 mingdan ortiq kompaniya va 30 ming nafardan ortiq soha mutaxassisi ishtirok etdi.
Bu gal O‘zbekiston vakillari ko‘rgazmaning yirik ekspozitsiyalaridan biriga aylangan “Made in Uzbekistan” milliy stendini taqdim etdi. 190 kvadrat metr maydonda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan 30 ga yaqin mahalliy kompaniya o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Yangi va quritilgan mevalar, dukkakli ekinlar, qandolat mahsulotlari va ichimlik suvlari ham taqdim etildi.
Pavilyon faoliyati doirasida xorijiy xaridorlar, distribyutorlar va investorlar bilan B2B formatida uchrashuvlar o‘tkazildi. Mahsulotlar taqdimoti va degustatsiyasi ham tashkil etildi. Ishtirokchilarga Britaniya bozoriga kirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Ushbu nufuzli ko‘rgazmada qatnashish o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish va mamlakatning xalqaro oziq-ovqat bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistondan Buyuk Britaniyaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti barqaror o‘sishni namoyish etmoqda va yetkazib berilayotgan tovarlar turlari kengayishda davom etmoqda.
O‘zbekiston diplomatlarining so‘zlariga ko‘ra, umuman olganda, “IFE London”da ishtirok etish milliy eksport brendini ilgari surish va Yevropa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladi.
Linda Blumfild, “Fresh Produce Consortium” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha menejeri:
– Biz ko‘rgazmada O‘zbekistonning ko‘plab ilg‘or va yangi mahsulot ishlab chiqaruvchilarini ko‘rishdan juda mamnunmiz. Bu yerda ko‘plab ajoyib mahsulotlar taqdim etilgan. Keyingi yilda O‘zbekiston ikki barobar ko‘proq pavilyon bilan ishtirok etishni rejalashtirayotgani quvonarli. Biz o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar va britaniyalik xaridorlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishda yordam berishdan mamnunmiz. Biz kelgusida ham hamkorlikni mamnuniyat bilan davom ettiramiz va O‘zbekiston elchixonasi bilan birgalikda o‘zbek mahsulotlarini targ‘ib qilamiz.
Jon Gregson, “Regenified” kompaniyasi bosh direktori:
– O‘zbekiston pavilyoni yuqori darajada tashkil etilgan. Sizlarda haqiqatan ham kuchli ishlab chiqaruvchilar bor. Taqdim etilgan mahsulotlarning sifati juda yuqori. O‘ylaymanki, mamlakat katta salohiyatga ega va Britaniya bozori bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa jiddiy natijalarga erishish mumkin.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi