O'zbekiston oliy ta'lim tizimidagi o'zgarishlar Xitoy OAV nigohida
Avgust 06, 2024. 16:34 • 2 daq
• 211
PEKIN, 6-avgust. /"Dunyo" AA/. Xitoyning ommabop "Lookwe" jurnalida O'zbekistondagi oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda yozilishicha, hozirgi rivojlanish bosqichida O'zbekistonning oliy ta'lim tizimi muhim institutsional o'zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Ma'muriy islohotlar doirasida va oliy ta'lim, ilmiy-innovatsion faoliyatni integratsiyalash maqsadida Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga aylantirildi. Vazirlik qoshida oliy ta'limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi faoliyat ko'rsatmoqda, u malakaviy talablar va ta'lim dasturlarini tahlil qiladi, oliy ta'limni rivojlantirishning ilg'or xorijiy tajribasini o'rganadi.
"2019-yilda O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. U oliy ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, respublika oliy o'quv yurtlarini xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar reytinglarida ilgari surish uchun asos yaratdi. Bu hujjat universitetlar tizimini rivojlantirish bo'yicha strategik dasturga aylanib, rivojlanishning asosiy ko'rsatkichlarini belgiladi", – deyiladi maqolada.
Qayd etilishicha, tizimli chora-tadbirlar tufayli mamlakatning ikki oliy o'quv yurti – Milliy tadqiqot universiteti "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" va Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston milliy universiteti birinchi marta dunyoning TOP-1000 eng yaxshi universitetlari reytingiga kirdi.
Materialda, shuningdek, amaldagi islohotlar doirasida zamonaviy standartlarni joriy etishga alohida e'tibor qaratilayotgani, 2020-yildan boshlab mamlakatning barcha oliy o'quv yurtlari Yevropaning oliy ta'lim tizimi asosida (European Credit Transfer and Accumulation System) kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o'tishni boshlagani xabar qilingan.
Maqola xulosasida "Oliy ta'lim sohasidagi islohotlar ta'lim xizmatlari bozorida sog'lom raqobat muhitini yaratish, ilg'or oliy ta'lim standartlarini joriy etish, oliy ta'lim mazmunini sifat jihatidan yangi darajaga ko'tarish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo'lga qo'yadi", - deb ta'kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam