Qirg'izistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqealar haqida yozmoqda

Avgust 22, 2024. 09:19 • 3 daq

162
Qirg'izistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari O'zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqealar haqida yozmoqda

BISHKEK, 22-avgust. /"Dunyo"AA/. Qirg'izistonning "Alliance-press.kg" axborot-tahlil agentligi portalida siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning "Uyg'onayotgan arslon: yangilanish davri" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muallifning yozganidek, o'tayotgan avgust oyi hammamiz uchun xayrli, quvonchli xabarlar va tafsilotlar bilan boshlandi. "Va aytish mumkinki, men nazarga olmoqchi bo'lgan ikki muhim voqea ham Yangi O'zbekistonimizning dunyo siyosati, madaniyati va zamonaviy tarixidagi yuksalib borayotgan o'rni bilan bog'liq, – deya qayd etgan u. – Bu faktorlar kechagina O'zbekiston Prezidentining Qozog'istonga amalga oshirgan davlat tashrifi va Ostona shahrida bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvidagi ishtiroki hamda sportchilarimizning Parij olimpiadasidagi tarixiy g'alabasi sabab qalbimni jo'shtirayotgan fikrlar bilan bog'liq qaynoq o'ylardir".

To'g'ri, ba'zilar "Xo'sh, Prezident bunday formatdagi uchrashuvlarda ko'p bor ishtirok etgan, sportchilarimiz ham boshqa g'olib davlatlar atletlari qatori zafar quchishdida, shunga shuncha hayajonmi?" deya pisanda qilishi mumkin.

"Ammo bunday kimsalarga mening ham savolim bor, – deb ta'kidlagan siyosatshunos. – Xo'sh, mustaqil bo'lganiga o'ttiz uch yil bo'layotgan O'zbekiston bilan jahon davlatlari qachon bu darajada jiddiy hisoblashgan, boshidan og'ir sitamlarni o'tkazgan bu mamlakat va xalq qachon xalqaro siyosatning mustaqil subyekti sifatida e'tirof etilgan? Qachon ikki yuzdan ortiq davlatlar sportchilari ishtirok etgan xalqaro bellashuvda yurtimiz vakillari o'n uchinchi o'rinda qayd etilgan, qachon O'zbekiston madhiyasi bunday nufuzli musobaqalarda ustma-ust sakkiz bor yangragan, bayrog'imiz o'n uch bor g'oliblar shohsupasi uzra yuksalgan va biz yana qay mahal "o'zbek sportchilari dunyoda tengsiz" degan e'tiroflarni eshitganmiz?!"

Muallif, shuningdek, bugun xalqimiz hayotidagi muhim hodisa sifatida baholanayotgan ushbu ikki omil Prezident Shavkat Mirziyoyevning deyarli sakkiz yildan buyon olib borayotgan mashaqqatli mehnatlarining munosib mevasi ekanini va uni hech kim inkor qilolmasligini urg'ulagan.

"Avvalo, Qozog'istondagi uchrashuvlar haqida muxtasar to'xtalmoqchiman. Zotan, ayni tashrif tafsilotlari Millatimiz Liderining bundan yetti-sakkiz yil ilgari mintaqa bo'yicha boshlagan hayotbaxsh siyosatining samaralarini aniq ko'rsatgandek bo'ldi. Hammamiz yaxshi bilamiz, 7 – 9-avgust kunlari davlatimiz rahbari davlat tashrifi bilan Qozog'istonda bo'ldi. Tashrif avvalida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev raisligida Davlatlararo oliy kengashning birinchi majlisi bo'lib o'tdi", – deb ta'kidlagan siyosatshunos.

Kezi kelganda shuni alohida aytish kerakki, ikki qo'shni davlat rahbarlari o'rtasidagi bu darajadagi uchrashuv tariximizda ilk bor o'tkazildi. Jahon hamjamiyati, xalqaro ekspertlar tomonidan mintaqaning asosiy lokomotivlari, deya e'tirof etilayotgan davlatlarning hamkorlik masalasida bunday yuqori darajaga chiqishi hali kuzatilmagan.

Tan olish kerak, ilgarilari ham Markaziy Osiyo, "mintaqa birligi" yoki o'ta mafkuralashtirilgan "Turkiston – umumiy uyimiz" deganga o'xshash ustmilliy umumiy tushunchalar mavjud bo'lgan esa-da, guruh sifatidagi o'ziga xoslik o'ta mujmal edi. Ikki asosiy kuch bo'lgan qo'shnilarning mintaqada olib borayotgan harakatlari o'sha mavhumlikni aniq harakatga aylantirishda muhim qadam bo'lmoqda.

"Shuni quvonch bilan aytish mumkinki, davlatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar dinamikasi misli ko'rilmagan darajalarga ko'tarilib borayotir. Buni bo'lib o'tgan uchrashuvlar, masalan, tomonlarning biznes forumi va ishbilarmonlik uchrashuvlari yakunlari bo'yicha 7 milliard dollarlik salmoqli kelishuvlar imzolangani misolida ham ko'rish мумкин..., – deyilgan maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish