Logo

"Hello Magyar": "C5+1" sammiti Markaziy Osiyo mamlakatlarini ishonchli taraqqiyot strategiyasiga birlashtirdi

Noyabr 12, 2025. 18:04 • 2 daq

60
"Hello Magyar": "C5+1" sammiti Markaziy Osiyo mamlakatlarini ishonchli taraqqiyot strategiyasiga birlashtirdi

BUDAPESHT, 12-noyabr. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning "Hello Magyar" nashrida "C5+1" sammiti: O'zbekiston AQSh va Markaziy Osiyo davlatlari bilan strategik muloqotni mustahkamlamoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, so'nggi yillarda Markaziy Osiyo barqaror o'sish va o'zaro ishonch makoniga aylandi. Mintaqa mamlakatlari savdo, energetika, transport va innovatsiya sohalarida turli tashabbuslarni ilgari surib, jahon hamjamiyati bilan mustahkam hamkorlik aloqalarini o'rnatyapti. Xususan, Vashingtonda bo'lib o'tgan "C5+1" formatidagi sammit Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o'rtasidagi munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berdi.

Nashrda Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy holati haqida ham so'z yuritilgan. Jumladan, mintaqaning umumiy tashqi savdo aylanmasi 220 milliard dollarga yetgani, 2017 yilga nisbatan qariyb 2 barobar, o'zaro investitsiyalar hajmi esa 5,6 barobar oshgani bayon etilgan.

Manbada O'zbekistonning qo'shni mamlakatlar bilan olib borayotgan tashqi siyosati haqida ham argumentlar keltirilgan. Masalan, 2025 yilning yanvar–avgust oylarida O'zbekiston–Qozog'iston o'zaro tovar ayirboshlash hajmi 15 foizga o'sib, 3,03 milliard dollarga yetgan. Qiymati 7 milliard dollardan ziyod mashinasozlik, qishloq xo'jaligi, qurilish va energetika sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi temir yo'l va energetika sohasida hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotgani ham alohida ta'kidlanadi. 2024 yilda ikki mamlakat o'rtasidagi yuk tashish hajmi 10 million tonnaga yetdi, muntazam yo'lovchi qatnovi yo'lga qo'yildi, 100 million dollarlik kapitalga ega qo'shma investitsiya kompaniyasi tashkil etildi.

Shuningdek, O'zbekiston va Turkmanistonning taraqqiyot yo'laklari, O'zbekiston–Qirg'iziston o'rtasidagi sherikchilik aloqalari haqida ham aniq misollar keltirilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlarining "C5+1" formatidagi ishtiroki mintaqa uchun qanchalik manfaatli loyihalarni taqdim etish borasida ham alohida fikr-mulohazalar bildirilgan.

"C5+1" sammiti Markaziy Osiyo mamlakatlarini yagona ishonch, o'zaro manfaatli va barqaror o'sishga asoslangan taraqqiyot strategiyasiga birlashtiruvchi asosga aylandi", – deya xulosa qiladi "Hello Magyar" nashri.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish