"Swift News": O'zbekistonda oliy ta’lim sohasidagi islohotlar ta’lim xizmatlari bozorida sog'lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qilmoqda
Avgust 20, 2024. 08:14 • 3 daq
• 55
JIDDA, 20-avgust. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining ommabop "Swift News" elektron nashrida "O'zbekistonda oliy ta’lim tizimidagi islohotlar raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga qaratilgan" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda ta’kidlanishicha, hozirgi rivojlanish bosqichida O'zbekistonning oliy ta’lim tizimi muhim institutsional o'zgarishlarni boshdan kechirmoqda. Ma’muriy islohot doirasida va oliy ta’lim, ilmiy-innovatsion faoliyatni integratsiyalash maqsadida Oliy va o'rta maxsus ta’lim vazirligi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga aylantirildi. Vazirlik qoshida oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari markazi faoliyat ko'rsatmoqda, u malakaviy talablar va ta’lim dasturlarini tahlil qiladi, oliy ta’limni rivojlantirishning ilg'or xorijiy tajribasini o'rganadi.
"2019-yilda O'zbekiston oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Konsepsiya oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, respublika oliy o'quv yurtlarini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytinglarida ilgari surish uchun asos yaratdi, – deyiladi maqolada. – Bu hujjat universitetlar tizimini rivojlantirish bo'yicha strategik dasturga aylanib, rivojlanishning asosiy ko'rsatkichlarini belgiladi".
Qayd etilishicha, tizimli chora-tadbirlar tufayli mamlakatning ikki oliy o'quv yurti – Milliy tadqiqot universiteti "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" va Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston milliy universiteti birinchi marta dunyoning TOP-1000 eng yaxshi universitetlari reytingiga kirdi.
Materialda, shuningdek, amaldagi islohotlar doirasida zamonaviy standartlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlangan. 2020-yildan boshlab O'zbekistonning barcha oliy o'quv yurtlari Yevropa oliy ta’lim tizimi asosida kredit-modul tizimiga bosqichma-bosqich o'tmoqda. Bu ta’lim dasturlarining moslashuvchanligini ta’minladi va talabalarga fanlarni tanlash imkoniyatini yaratdi. Shu bilan birga, kredit-modul tizimini joriy etish talabalarga O'zbekiston universiteti va boshqa davlatlar sherik universiteti diplomlarini olish imkonini beruvchi qo'sh diplom dasturi amaliyotini faol ravishda kengaytirishga hissa qo'shadi.
"O'zbekiston oliy ta’lim sohasidagi eng muhim yutuq oliy ta’lim qamrovining oshishi hisoblanadi. 2023-yilda oliy ta’lim qamrovi darajasi 42 foizni tashkil etdi. Bu 2016-yildagi ko'rsatkichdan qariyb 5 baravar ko'pdir (9 foiz). Bugungi kunda oliy o'quv yurtlarida talabalar soni 1,3 millionni tashkil qiladi. Mamlakatdagi oliy o'quv yurtlari soni 2016-yilda 77 ta bo'lgan bo'lsa, 2023-yilda 213 taga yetdi (ulardan 97 tasi nodavlat yoki xorijiy universitetlar). Iste’dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash uchun 2021-yildan boshlab O'zbekiston Prezidenti granti joriy etildi, u davlat oliy o'quv yurtlarining kunduzgi bo'limi bakalavriatiga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to'plagan 200 abituriyentga taqdim etiladi", –deb ta’kidlagan "Swift News".
Maqola xulosasida, "Oliy ta’lim sohasidagi islohotlar ta’lim xizmatlari bozorida sog'lom raqobat muhitini yaratish, ilg'or oliy ta’lim standartlarini joriy etish, oliy ta’lim mazmunini sifat jihatidan yangi darajaga ko'tarish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo'lga qo'yadi", – deya qayd etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida