"Sada al-Balad" AA: Markaziy Osiyo davlatlari barqaror rivojlanish yo'lida kuchlarini birlashtirmoqda
Noyabr 13, 2025. 12:48 • 3 daq
• 210
QOHIRA, 13-noyabr. /"Dunyo" AA/. Misrning nufuzli "Sada al-Balad" axborot agentligida O'zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi mutaxassisi Anvar Tursunaliyevning "Markaziy Osiyo davlatlari barqaror rivojlanish yo'lida kuchlarini birlashtirmoqda" sarlavhali maqolasi e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda aytilishicha, so'nggi yillarda O'zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ekologiya, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurash sohasidagi hamkorlikni sezilarli darajada faollashtirdi. Qo'shma dasturlar, imzolangan bitimlar va ko'p tomonlama tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish va tabiat oldidagi o'zaro mas'uliyat tamoyillariga asoslangan yagona ekologik makonni yaratish uchun poydevor bo'lmoqda.
Xususan, O'zbekiston–Qozog'iston o'rtasidagi ekologik hamkorlik uzoq tarixga ega bo'lib, mustahkam huquqiy asosda rivojlanmoqda. 2024-yil noyabr oyida kuchga kirgan "Atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya sohasidagi hamkorlik to'g'risida"gi Hukumatlararo bitim ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi.
2024-yilda Samarqandda bo'lib o'tgan Ko'chib yuruvchi turlar to'g'risidagi konvensiya (CMS COP14) doirasida O'zbekiston va Qozog'iston Ustyurt platosining yovvoyi tabiatini asrash bo'yicha hamkorlik to'g'risida memorandum imzoladi. Keyinchalik bu tashabbusga Turkmaniston ham qo'shildi. 2025-yil mart oyida tomonlar 2025–2030-yillar uchun "Harakatlar yo'l xaritasi"ni tasdiqladi.
Materialda Qirg'iz Respublikasi bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari haqida ham alohida to'xtalib o'tilgan. Qirg'iz tomoni bilan 1996-yilda imzolangan bitim asosida ishlar tashkil etilib, biologik xilma-xillikni asrashdan tortib ekologiya sohasida kadrlar tayyorlashgacha bo'lgan yo'nalishlarni qamrab oladi. 2024 yil iyul oyida ikki davlat ekologiya vazirlari Qirg'iziston talabalari uchun Toshkentdagi Atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish bo'yicha Markaziy Osiyo universitetida (Green University) grant asosida o'qish imkoniyatini nazarda tutuvchi o'zaro anglashuv memorandumini imzoladi. Mazkur universitet mintaqaviy tajriba va ilmiy bilimlarni uyg'unlashtiruvchi mutaxassislar tayyorlash platformasiga aylandi.
"O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi aloqalar 2022-yil iyun oyida imzolangan o'zaro anglashuv memorandumi asosida faol rivojlanmoqda. Ustuvor yo'nalishlardan biri – Zarafshon daryosi bo'yida transchegaraviy qo'riqlanadigan tabiiy hududlarni yaratish loyihasidir", – deb so'z yuritilgan Misr matbuotida.
Shuningdek, materialda ta'kidlanganidek, O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi hamkorlik 2017 va 2021-yillarda imzolangan bitimlarga asoslanib, atrof-muhitni muhofaza qilish va biologik xilma-xillikni saqlashga yo'naltirilgan. Har ikki davlat Amudaryo havzasida barqaror yer resurslaridan foydalanish va ekotizimlarni himoya qilishni ilgari suruvchi xalqaro loyihalarda faol ishtirok etmoqda.
2023-yil sentyabr oyida "Moʻtadil mintaqaning Turon cho'llari" nomli transchegaraviy tabiiy obyektga YUNESKOning Jahon tabiiy merosi maqomi berilishi muhim voqea bo'ldi.
O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorligi ikki tomonlama loyihalar doirasidan chiqib, global tashabbuslarda ham o'z ifodasini topmoqda. Bu jarayon ko'chib yuruvchi yirtqich qushlarni saqlash to'g'risidagi memorandumdan tortib BMTning iqlim o'zgarishi bo'yicha konferensiyalarida mintaqaviy yagona pozitsiyani shakllantirishgacha bo'lgan yo'nalishlarni qamrab oladi.
Atrof-muhit va iqlim o'zgarishini o'rganish bo'yicha Markaziy Osiyo universitetining tashkil etilishi, transchegaraviy qo'riqlanadigan tabiiy hududlar tarmog'ining rivojlanishi hamda xalqaro tashkilotlar bilan qo'shma loyihalarda ishtirok etish imkonini bermoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi