Logo

14-iyundan boshlab Toshkent-Islomobod yo'nalishida to'g'ridan-to'g'ri aviaparvozlar yo'lga qo'yiladi

Iyun 08, 2025. 08:08 • 2 daq

72
14-iyundan boshlab Toshkent-Islomobod yo'nalishida to'g'ridan-to'g'ri aviaparvozlar yo'lga qo'yiladi

ISLOMOBOD, 8-iyun. /"Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi tomonidan shu yilning 14-iyun sanasidan boshlab Toshkent-Islomobod yo'nalishida yo'lga qo'yiladigan to'g'ridan-to'g'ri aviaparvozlarga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Xususan, mazkur mamlakatning "Associated Press of Pakistan – APP" markaziy axborot agentligi, "Independent news Pakistan – iNP" axborot agentligi, "Pakistan in the World" jurnali, "DAWN" markaziy nashri, "Islamabad Post", "Daily Ittehad" va "The Khyber Mail" gazetalari, "Political Diplomacy", "Pakistan State Time", "News Guru", "The World Ambassador", "The Gulf Observer", "The Europe Today" va "World News" onlayn platformalarida har haftaning shanba kuni amalga oshiriladigan ushbu aviaqatnovlar ikki mamlakat o'rtasidagi uzoq yillik do'stona munosabatlarning mustahkamlanishi va barcha sohadagi ko'p qirrali hamkorlikning yangi bosqichga ko'tarilishiga xizmat qilishi qayd etilgan.

"Toshkent-Islomobod yo'nalishidagi havo qatnovi 2021-yilda O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Markaziy va Janubiy Osiyo bog'liqligi tashabbusining amaliy natijasi bo'lib, u mintaqada barqaror taraqqiyot, o'zaro hamjihatlik va tinchlikni ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi", – deb yozadi Pokiston OAV.

Materiallarda ushbu havo qatnovi Markaziy va Janubiy Osiyo bog'liqligi tashabbusi doirasidagi muhim loyiha sifatida e'tirof etilgan va ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy, savdo, madaniy va ta'lim sohalaridagi aloqalarni faollashtirishga zamin yaratishi alohida urg'ulangan.

Shuningdek, nashrlarda "Uzbekistan Airways"ning Lahor yo'nalishida haftasiga ikki marta muntazam amalga oshirilayotgan reyslari haqida ham ham ta'kidlangan. "Aviakompaniyaning yangi Islomobod yo'nalishi Pokistonga parvozlar geografiyasini kengaytirayotgani, Janubiy Osiyo mintaqaviy aviabozoriga jadal kirib kelish borasidagi navbatdagi ijobiy qadamidir. Mazkur parvozlar ikki davlat o'rtasidagi ishbilarmonlar, tadbirkorlar va turistlar uchun qulaylik yaratadi, trans'hududiy savdo va transport tizimlarini rivojlantirishga yordam beradi, shuningdek, talabalar, ziyoratchilar va o'zaro delegatsiyalar bilan almashish uchun ham muhim transport vositasiga aylanadi va eng muhimi madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtiradi", – deya urg'ulangan materiallarda.

Shuningdek, maqolalarda, O'zbekistonning qadimiy shaharlari – Samarqand, Buxoro va Xivaning turizm jozibadorligi va Pokistonning tarixiy va tabiiy manzaralari haqidagi ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga taqdim etilgan.

Pokiston OAV tomonidan e'lon qilingan maqolalar, "Toshkent-Islomobod yo'nalishida yo'lga qo'yiladigan havo qatnovlari xalqlarimiz o'rtasidagi madaniy va turistik yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi hamda o'zaro tashriflarni osonlashtiradi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish