"Ammon News" gazetasi: O'zbekiston jabrlangan xalqlarni qo'llab-quvvatlash borasida boshqa davlatlar uchun namuna bo'la oladigan strategik yondashuvni namoyish etmoqda
Avgust 17, 2025. 08:28 • 2 daq
• 78
AMMON, 17-avgust. /"Dunyo" AA/. Iordaniyaning "Ammon News" gazetasida "O'zbekistonning Falastin masalasi bo'yicha sharafli insonparvarlik sa'y-harakatlari" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrda O'zbekiston Prezidentining "O'zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g'amxo'rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko'mak berish tizimini yo'lga qo'yish chora-to'g'risida"gi farmoni qabul qilingani ma'lum qilingan.
"Hujjat O'zbekistonga olib kelingan Falastin fuqarolarini (farmon matnida ular "mehmon" deb belgilangan) doimiy qo'llab-quvvatlash va ijtimoiy integratsiyalashuvining barqaror mexanizmlarini yaratishga, ularga munosib turmush sharoiti va mamlakat fuqarolari bilan teng huquqliligini ta'minlashga qaratilgan. Ushbu choralar gumanitar sohada amalga oshirilgan qadamlarning davomi bo'ldi", – deyilgan maqolada.
Ta'kidlanganidek, 2024-yil dekabr oyida O'zbekiston G'azo sektoridan 100 nafarga yaqin falastinlik bolalar va ayollarni bepul davolanish uchun qabul qilib, ularni 2024-yil 26-dekabr kuni maxsus reys bilan Misrdan Toshkentga olib keldi.
"Yangi farmon bilan bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Xususan, har bir mehnat yoshidagi mehmon (I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslar bundan mustasno) uchun har oyda minimal iste'mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi joriy etiladi. Mehmonlarga farzand tug'ilganda beriladigan bir martalik nafaqa hamda dafn etish uchun nafaqa to'lovi O'zbekiston fuqarolari uchun belgilangan miqdorda to'lanadi. O'zbekistonga olib kelingan falastinlik fuqarolar yashash manzillari bo'yicha ularning farzandlari davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari va maktablarga joylashtiriladi. Shuningdek, davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bolalar ta'minoti uchun ota-onalar to'lovidan 2028 yil 1 yanvariga qadar ozod etiladi", – deyilgan maqoladi.
Bundan tashqari, mehmonlarning yashash manzillari bo'yicha oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va tuman (shahar) ko'p tarmoqli markaziy poliklinikalarida hisobga qo'yilishini ta'minlanadi hamda ularga Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan tibbiy yordam ko'rsatishda kambag'al oilalarga mansub shaxslar toifasi qatorida yo'llanma ajratilishi nazarda tutilmoqda.
Maqola "O'zbekistonning Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligidagi tashabbuslari jabrlangan xalqlarni qo'llab-quvvatlash borasidaboshqa davlatlar uchun namuna bo'la oladigan strategik, har tomonlama va chuqur insonparvarlik yondashuvini namoyish etadi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida