Logo

"BBC History": O'zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaga qo'shgan hissasi beqiyos

Iyun 18, 2024. 09:25 • 2 daq

172
"BBC History": O'zbekiston xalqining Ikkinchi jahon urushidagi G'alabaga qo'shgan hissasi beqiyos

RIM, 18-iyun. /"Dunyo" AA/. Mashhur "BBC History" jurnalining italyancha shaklida "O'zbekiston: natsizmga qarshi kurashga qo'shilgan qahramonona hissa" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo"AA muxbiri.



Maqola mualliflari siyosiy va tarix fanlari doktori, professor Saidxon Saidolimov va siyosiy fanlar doktori, professor Kozimxon Sagdullayev.

Unda Ikkinchi jahon urushi yillarida o'zbek xalqining fashizmga qarshi kurashga qo'shgan beqiyos hissasi, urushning dastlabki kunlaridanoq harbiy xizmatga otlangan yosh askarlarning vatanparvarligi haqida so'z boradi.

Mualliflar o'zbek xalqining fashistlarga qarshi kurash paytida katta badal to'lagani, ular ko'rsatgan qahramonliklar va O'zbekistonning 6,8 million aholisidan deyarli 2 millioni urushda qatnashganini alohida ta’kidlagan. Shuningdek, general Sobir Rahimov, Abdulla Qurbonov, Tojiali Bobayev, Abdusamat Taymetov kabi qo'mondonlar haqidagi muhim ma’lumotlar o'quvchilar e’tiboriga taqdim etilgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, frontni oziq-ovqat, kiyim-kechak va uy-ro'zg'or buyumlari, harbiy texnika bilan ta’minlagan 155 mingdan ortiq kishi Ural, Boshqirdiston va Chelyabinskda joylashgan harbiy sanoat zavodlariga jo'natilgan. "Buyuk G'alabaga butun o'zbek xalqining ishtiroki muhim o'rin tutgan. Ularning maqomi ham frontdagi askarlarniki bilan tengdir", — deyiladi nashrda.

Bundan tashqari mualliflar Yangi O'zbekiston haqida, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatni demokratlashtirish, iqtisodiy yuksalish, gender tengligini ta’minlash, xorijiy davlatlar, jumladan, Italiya bilan ikki va ko'p tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yish hamda rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning samarali natijalarini qalamga olgan.

Qayd etilishicha, so'nggi yillarda O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi munosabatlar faollashdi. 2023 yilda Ikki mamlakat o'rtasida Strategik sheriklik munosabatlarini o'rnatish to'g'risidagi qo'shma deklaratsiya qabul qilindi.

"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tarixiy xotirani asrab-avaylash, o'zbek xalqining Ikkinchi jahon urushidagi buyuk G'alabaga qo'shgan hissasi bo'yicha yangi tadqiqotlar olib borishga katta e’tibor qaratdi. Eng muhim tashabbuslardan biri — bu, albatta, "Shon-sharaf muzeyi"ni o'z ichiga olgan Toshkent shahridagi "G'alaba bog'i" majmuasidir", — deb yozgan mualliflar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish