"Business Central Asia": O'zbekistondagi keng ko'lamli islohotlar biznes va xorijiy investorlar faoliyati uchun sharoitlarni sezilarli darajada yaxshiladi
Iyun 28, 2025. 09:03 • 2 daq
• 61
DEHLI, 28-iyun. /"Dunyo" AA/. Hindistonning "Business Central Asia" jurnalining iyun oyi sonida O'zbekistonga bag'ishlangan turkum materiallar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimizning zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti va IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2025) yakunlariga bag'ishlangan maqolada qayd etilishicha, "so'nggi yetti yil mobaynida O'zbekistonda keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi. Mazkur yangilanish jarayoni biznes va xorijiy investorlar faoliyati uchun sharoitlarni sezilarli darajada yaxshiladi. Natijada mamlakatga 90 milliard dollardan ziyod xorijiy sarmoyalar jalb etildi. Bu mintaqa uchun e'tiborga loyiq ko'rsatkichdir. 2024 yilda iqtisodiyot 6 foizga o'sgani mazkur islohotlarning samaradorligini tasdiqlamoqda".
Maqola muallifi, jurnal bosh muharriri Indervir Singhning fikricha, "O'zbekiston-2030" strategiyasi mamlakatni yalpi ichki mahsuloti 200 milliard dollarga teng bo'lgan mintaqaviy iqtisodiy yetakchiga aylantirish bo'yicha ulkan rejani qamrab olgan. Mazkur maqsadga erishish jarayonida xorijiy investitsiyalar hal qiluvchi ahamiyatga ega. Muntazam o'tkazib kelinayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi esa davlat va biznes doiralari o'rtasidagi muloqot uchun muhim maydoncha vazifasini o'tamoqda.
Nashr o'z o'quvchilari e'tiborini mamlakatimizning investitsion faolligiga qaratgan: "O'zbekiston nafaqat o'z eshiklarini ochmoqda, balki xalqaro sarmoyadorlarni iqtisodiyotning yirik tarmoqlarida, jumladan, mashina va transport vositalari ishlab chiqarish, energetika, moliyaviy texnologiyalar, sun'iy intellekt va boshqa sohalarda faol ishtirok etishga chorlamoqda".
"Business Central Asia" jurnalining yozishicha, TXIF-2025ning eng muhim voqealaridan biri ilk bor o'tkazilgan investitsiya ko'rgazmasi bo'ldi. Unda yirik kompaniyalar o'zlarining yangi loyihalarini namoyish etdi, mahalliy korxonalar esa o'z salohiyatini xalqaro auditoriyaga taqdim etish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Nashrda O'zbekiston hayotining ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy va boshqa jabhalariga bag'ishlangan boshqa maqolalar ham chop etilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida