"Daily News Hungary": O'zbekiston terrorizmga qarshi kurashda kompleks yondashuvni qo'llab kelmoqda
Yanvar 14, 2025. 10:52 • 3 daq
• 143
BUDAPESHT, 14-yanvar. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning yetakchi "Daily News Hungary" onlayn nashrida "O'zbekiston uchun terrorizmga qarshi kurashda xalqaro va mintaqaviy hamkorlikda nima muhim?" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda ta'kidlanishicha, so'nggi paytlarda terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish O'zbekiston tashqi siyosatining ajralmas qismiga aylandi. Mazkur hamkorlik xavfsizlikni mustahkamlash, fuqarolarni himoya qilish va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan.
"O'zbekiston terrorizmga qarshi kurash bilan bog'liq ko'plab xalqaro konvensiya va protokollarning ishtirokchisi hisoblanadi. Mamlakat BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyalarini qo'llab-quvvatlaydi va tegishli qo'mitalar ishida faol ishtirok etadi. So'nggi paytlarda BMTning ixtisoslashgan organlari, xususan, Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlik jadal rivojlanmoqda", - deb yozadi nashr.
Qayd etilishicha, O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2022-yil mart oyida o'tkazilgan yuqori darajadagi Toshkent konferensiyasi ushbu hamkorlik uchun muhim turtki bo'ldi. Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari, BMT, EXHT, ShHT, MDH, Yevropa Ittifoqi, OHICHKning yuqori martabali vakillari, shuningdek, mintaqadagi xalqaro tashkilotlar rasmiylari va ekspertlari, jumladan, Xitoy, Rossiya, AQSh, Fransiya va boshqa davlatlar vakillari ishtirok etgani ta'kidlanadi.
Shuningdek, maqolada 2023-yilda BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti (SMTI) o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolangani Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashning eng muhim va dolzarb muammosini hal etishda yangi bobni ochishi e'tirof etiladi.
Nashrga ko'ra, BMT Bosh kotibi o'rinbosari Vladimir Voronkovning 2024-yilning may oyidagi tashrifi chog'ida O'zbekiston va BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi o'rtasida 2024-2025-yillarga mo'ljallangan hamkorlik bo'yicha yangi "Yo'l xaritasi" qabul qilindi. "Ushbu hujjatga muvofiq, BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi Markaziy Osiyo mamlakatlarini global antiterror dasturlarni faol amalga oshirishda qo'llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda", - deb yozadi nashr.
Maqolada, shuningdek, O'zbekiston UNOCT va BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) bilan hamkorlikda mojaro zonalaridan qaytib kelayotgan shaxslarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish bo'yicha sa'y-harakatlarni yaxshilashga qaratilgan Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspert Kengashini tashkil etish tashabbusi bilan chiqqanligi alohida e'tirof etiladi.
"O'zbekiston terrorizmga qarshi kurashda nafaqat kuch ishlatish usullarini, balki ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy choralarni ham o'z ichiga olgan kompleks yondashuvni qo'llab kelmoqda. Mamlakat ko'p qirrali hamkorlikka, jumladan, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar ishtirokiga e'tibor qaratmoqda", - deb yozadi "Daily News Hungary".
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“The Gulf Observer”: O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqaro maydonda ekologiya sohasida muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda

“El País”: Buxoro va Toshkent – O‘zbekistonning o‘tmish va kelajagini ifodalovchi betakror shahar


