Logo

"Europa Press": O'zbekiston "Uzbekistan Airways" bilan har qachongidan ham yaqinroq

Iyul 26, 2025. 08:00 • 2 daq

68
"Europa Press": O'zbekiston "Uzbekistan Airways" bilan har qachongidan ham yaqinroq

MADRID, 26-iyul. /"Dunyo" AA/. Ispaniyaning ommabop "Europa Press" elektron nashrida "Bir hafta, beshta shahar va O'zbekistonni sevish uchun ming sabab" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosi turistik salohiyati, qadimiy shaharlari, Sharqqa xos arxitekturasi, o'zbek oshxonasi va mehmondo'st xalqi haqida so'z boradi.

Muallifning yozishicha, mamlakatning beshta – Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg'ona va Xiva shaharlariga bir haftalik sayohat davomida O'zbekiston tarixi va zamonaviy taraqqiyoti bilan tanishish mumkin.

"Toshkentda an'anaviy va zamonaviy hayot uyg'unlashgan bo'lsa, Samarqand va Buxoro – qadimiy Ipak yo'li davridan qolgan tarixiy yodgorliklari bilan mashhur. Farg'ona o'zining hunarmandchiligi va tabiiy go'zalligi bilan ajralib turadi, Xiva esa me'moriy yodgorliklar bilan to'lib-toshgan afsonaviy shahar", – deya urg'ulangan materialda.

Maqolada "Uzbekistan Airways" aviakompaniyasi Madriddan Toshkentga har dushanba kuni to'g'ridan-to'g'ri reyslarni amalga oshirishi ma'lum qilingan.

Qaytish esa Urganch orqali tashkil etiladi. Bunday yo'nalish orqali sayohatchilar mamlakatning asosiy shaharlarini bir haftada ko'rib chiqishlari mumkin.

Mamlakatdan turli aeroportlar orqali kelish va ketish O'zbekistonning asosiy shaharlari bo'ylab yetti kunlik to'liq marshrutni rejalashtirish imkonini beradi. Sayohat asosiy to'xtash joylari va aviakompaniya tomonidan taqdim etilgan diqqatga sazovor joylar uchun tavsiyalarni o'z ichiga oladi.

Ispan nashri ta'kidiga ko'ra, komfort, samaradorlik va mukammal ishlab chiqilgan marshrut sizga bir hafta ichida mamlakat bilan tanishish, har bir manzildan to'liq zavqlanish imkonini beradi.

Maqola "O'zbekiston "Uzbekistan Airways " bilan har qachongidan ham yaqinroq", – degan so'zlar bilan yakunlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish