Logo

"Farmer.pl": O'zbekistonda sertifikatlangan organik ekinlar maydonlarini 3900 gektardan 100 ming gektarga kengaytirish rejalashtirilmoqda

Dekabr 04, 2024. 09:34 • 2 daq

137
"Farmer.pl": O'zbekistonda sertifikatlangan organik ekinlar maydonlarini 3900 gektardan 100 ming gektarga kengaytirish rejalashtirilmoqda

VARSHAVA, 4-dekabr. /"Dunyo" AA/. Polshaning "Farmer.pl" elektron portalida "O'zbekiston organik ekinlar maydonini 100 ming gektarga yetkazmoqchi" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri

Maqolada O'zbekiston Prezidenti raisligida 28-noyabr kuni meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksportini ko'paytirish chora-tadbirlari yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida muhokama qilingan masalalar qalamga olingan.

Qayd etilganidek, kelgusi uch yilda O'zbekistonda sertifikatlangan organik ekinlar maydonlarini 3900 gektardan 100 ming gektarga kengaytirish rejalashtirilmoqda.

O'zbekiston yetakchisi organik ekinlar maydonlarini ko'paytirish vazifasini qo'ydi. Bu rejalar meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni ko'paytirishga bag'ishlangan yig'ilishda ma'lum qilindi.

Ta'kidlanishicha, endi organik maydon tashkil qilgan fermer va dehqonlarga yerni lazer bilan tekislash xarajati davlat tomonidan qoplab beriladi. "Organik", "Global Gap", "Halol", "Kasher" kabi sertifikatlarni olish xarajatlari uchun tadbirkorlarga subsidiya ajratiladi.

"2025-yilgacha organik ekinlar maydonini 10 ming gektarga, keyingi uch yilda esa 100 ming gektarga yetkazish vazifasi qo'yildi", — deyiladi materialda.

Yig'ilishda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash masalasi ham muhokama qilindi.

Maqolada, O'zbekiston statistika agentligi ma'lumotlariga tayanib, 2023-yilda yurtimizda 23 million tonna meva-sabzavot yetishtirilgani xabar qilingan.

"Bundan tashqari, mamlakat meva-sabzavot eksportini o'tgan yilga nisbatan 370 million dollarga oshirib, 2024-yilda 2 milliard dollardan ortiq hajmga yetkazdi. 2025-yilda ushbu raqamlarni 3,5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan", – deb ta'kidlangan manbada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish