O'zbekistonda kitob mutolaasi va kitobxonlikni rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar Saudiya Arabistoni OAV nigohida
Iyul 27, 2024. 13:03 • 3 daq
• 286
AR-RIYOZ, 29-iyul. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistonining "Al Harir" gazetasi veb-saytida "Ma'rifat deb savob oling. O'zbekistonda kitob mutolaasi va kitobxonlikni rivojlantirish haqida" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Bugungi Yangi O'zbekistonda kitobxonlik va mutolaa madaniyatini rivojlantirishga, kitob nashriga katta e'tibor qaratilmoqda, –deb yozgan muallif O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, shoir Sirojiddin Sayyid. – Davlatimiz rahbari "Ta'lim-tarbiyada tanaffus bo'lmaydi", deganlariday ziyolilar, madaniyat, adabiyot va san'at namoyondari bilan o'tkazilgan har uchrashuvida, xalqimizga murojaat sifatida yangragan har bir tarixiy nutqida jahon tamadduni asoslarini, dunyoning hozirgi zamon ilg'or ilm-fan yutuqlarini o'rganish va bilim olish masalasiga alohida e'tibor qaratib kelmoqda. "Bilim, bilim, bilim", "Ilm, ilm, ilm" degan so'zlarni qayta-qayta ta'kidlaydi".
Qayd etilganidek, O'zbekiston Prezidenti: "Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o'zining intellektual salohiyati, yuksak ma'naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kitobxonlarda", deb bejiz aytmagan.
O'zbekiston Prezidentining "Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish va targ'ibot qilish bo'yicha komissiya tuzish to'g'risida"gi farmoyishi, "Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ'ib qilish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to'g'risida"gi va boshqa qarorlari bo'yicha ulkan ishlar amalga oshirilgani yaxshi ma'lum.
2020-yil 14-dekabrda O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining "2020-2025-yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to'g'risida"gi qarori qabul qilindi, deb ta'kidlangan nashrda. Ushbu Milliy dasturni amalga oshirish jarayonlari ijobiy samaralar bermoqda. Xususan, davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusning to'rtinchisi – yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib etish bo'yicha mamlakatimizda jiddiy amaliy ishlar olib borilmoqda. Kitobxonlik tanlovlarida yoshlar, ayniqsa, o'smirlar va bolalar keng ishtirok etmoqda.
"O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari kitob mutolaasi va kitobxonlikni rivojlantirishga bag'ishlangan tadbirlarda faol qatnashayotir. Uyushma qoshida Bolalar va o'smirlar ijodiy kengashi faoliyat ko'rsatmoqda, yurtimizdagi barcha maktablar, oliy va o'rta-maxsus o'quv yurtlarida taniqli shoirlar, yozuvchilar tomonidan mahorat darslari muntazam o'tkazib kelinmoqda", deya qayd etgan Yozuvchilar uyushmasi raisi.
O'tgan davr mobaynida shoir, adib va tarjimonlarimiz tomonidan "Rus adabiyoti durdonalari" 100 jildlik kitoblar majmuasi, "Turkiy adabiyot durdonalari" 100 jildik kitoblar majmuasi nashrga tayyorlandi. Shu o'rinda "Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari" nomli 16 jildik kitoblar majmuasi ham O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashrga tayyorlanib, bosmaga topshirilganini alohida ta'kidlab o'tmoq joiz.
Ayni paytda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan "Jahon bolalar adabiyoti durdonalari" 100 jildlik kitoblar majmuasi nashrga tayyorlanmoqda.
"Bu ishlarning hammasi avvalo yoshlar, bolalar va o'smirlar o'rtasida kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan. Kitob nashri, kitobxonlik targ'iboti bundan keyin ham muttasil va uzluksiz davom ettiriladi", – deb ta'kidlagan shoir Sirojiddin Sayyid.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi