Logo

"The Economic Times" gazetasi: O'zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasida xavfsizlik, iqtisodiyot va ilm-fan sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun poydevor yaratmoqda

May 21, 2025. 16:55 • 3 daq

74
"The Economic Times" gazetasi: O'zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasida xavfsizlik, iqtisodiyot va ilm-fan sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun poydevor yaratmoqda

DEHLI, 21-may. /"Dunyo" AA/. Hindistonning nufuzli "The Economic Times" gazetasida 19-21-may kunlari bo'lib o'tayotgan Termiz muloqotining Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashdagi ahamiyati haqida tahliliy maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Termiz muloqoti tinchlik, do'stlik va farovonlikka alohida e'tibor qaratgan holda Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, – deyiladi maqolada. – Mazkur platforma barqaror taraqqiyot va mintaqaviy integratsiyaga hissa qo'shish bilan birga, ta'lim, fan, texnologiya va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan".

Markaziy va Janubiy Osiyo qadimdan ishonchli savdo yo'llari bilan bog'lanib, Yaqin Sharq, Yevropa va Xitoy o'rtasidagi ko'prik vazifasini o'tagan. Ikki mintaqa xalqlari tarixiy va madaniy umumiylikka ega. O'zaro aloqalar asrlar davomida ko'plab migratsiya oqimlari, faol savdo almashinuvi, ilmiy g'oyalarning tez tarqalishi va madaniy o'zaro boyish orqali mustahkamlanib kelgan, deb ta'kidlagan nashr.

"The Economic Times" nashri bugungi kunda mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka xavf solayotgan mavjud muammolarni birgalikda hal etish qo'shni mamlakatlarning ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy rivojlanishidagi muhim omillardan biri ekanligini qayd etgan. Shu bois ular o'rtasidagi qadimiy tarixiy aloqalarni qayta tiklash tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Yuqoridagilarni e'tiborga olib, Markaziy va Janubiy Osiyoning o'zaro bog'liqligi bo'yicha Termiz muloqoti tashkil etildi.

"Termiz platformasi" Yevroosiyo mintaqasida o'zaro bog'liqlikni yanada rivojlantirish hamda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash istiqbollarini belgilash uchun doimiy faoliyat ko'rsatadigan maydoncha bo'lishi ko'zda tutilgan", – deb yozgan maqola muallifi.

Materialda O'zbekistonning ikki mintaqa o'rtasidagi tarixiy o'zaro aloqalarni tiklash va mustahkamlash jarayonidagi o'rni alohida ta'kidlangan.

"Mintaqalar o'rtasidagi o'zaro aloqalarga bo'lgan ehtiyoj tobora ortib borayotganini hisobga olgan holda, 2021-yil iyul oyida Toshkentda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o'tkazildi. Unda Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash to'g'risidagi maxsus rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish va BMT Bosh Assambleyasi muhokamasiga kiritish taklifi ilgari surildi. Natijada, 2022-yil iyul oyida BMTga a'zo davlatlar ushbu rezolyutsiyani bir ovozdan ma'qulladi. Bu o'zaro aloqadorlikni chuqurlashtirish, mintaqalararo muloqot o'rnatish hamda tinchlik va barqarorlikni ta'minlashda mamlakatning roli va nufuzi tan olinganining yana bir yorqin isboti bo'ldi", – deya urg'ulangan materialda.

Shuningdek, o'quvchilar e'tibori ushbu muhim hujjatda Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikka tahdid soladigan umumiy muammolarga qarshi kurashda kuchlarni birlashtirishga chaqirilgani, transport infratuzilmasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish orqali mintaqalararo hamkorlikni yanada kengaytirish tavsiya etilgani, dengiz portlariga qulay, barqaror, iqtisodiy jihatdan foydali, arzon, inklyuziv va xavfsiz yo'nalishlarni ta'minlaydigan yangi xalqaro transport yo'laklarini rivojlantirish bo'yicha tavsiyalar berilganiga qaratilgan.

Mazkur jarayonlarda Termiz ikki mintaqani bog'laydigan noyob maydonga aylanish salohiyatiga ega, bu ham mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, ham savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish nuqtai nazaridan muhimdir.

Maqola muallifining yozishicha, Termiz muloqoti nafaqat tarixiy aloqalarni qayta tiklash, balki zamonaviy muammolarni hal etishning amaliy vositasi hamdir. O'zbekiston Termizning geografik va siyosiy mavqeidan samarali foydalanib, xavfsizlik, iqtisodiyot va ilm-fan sohalarida uzoq muddatli hamkorlik uchun poydevor yaratmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish