"The Times Kuwait" gazetasi: O'zbekiston va Ozarbayjon ishonchli hamkorlik, mustahkam va barqaror do'stlikning 30 yilligini nishonlamoqda
Iyul 04, 2025. 10:13 • 2 daq
• 64
AL-KUVAYT, 4-iyul. / "Dunyo" AA/. Kuvaytning nufuzli "The Times Kuwait" gazetasida "O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida mustahkam do'stlik va ishonchli sheriklik munosabatlari o'rnatilganiga 30 yil to'ldi", sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Material muqaddimasida O'zbekiston va Ozarbayjon umumiy tarix, madaniy aloqalar va o'zaro siyosiy iroda asosida strategik hamkorlikni mustahkamlayotgani ta'kidlangan.
"2024-yilda ikki davlat diplomatik munosabatlarning 30 yilligini nishonladi. Bu esa ikki tomonlama aloqalarni davlatlararo hamkorlikning eng yuqori darajasiga ko'tardi. Bu uzoq muddatli hamkorlikning asosini tashkil etuvchi 200 dan ortiq kelishuvga, shu jumladan, do'stlik va strategik sheriklik shartnomalariga asoslanadi", – deb yozilgan maqolada.
Shuningdek, ikki davlat yetakchilarining 2017-yildan buyon 12 marta uchrashgani va 150 dan ortiq oliy darajadagi tashriflar amalga oshirilgani alohida urg'ulangan.
"Ularning yaqin aloqalari keng ko'lamli hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol o'ynadi. Iqtisodiy aloqalar jadal kengaymoqda. So'nggi o'n yillikda savdo hajmi sakkiz barobar – 32 milliondan 253 million dollargacha oshdi, umumiy maqsad 1 milliard dollarga yetkazish. Savdo, sarmoya va sanoat hamkorligini rag'batlantirish bo'yicha izchil qo'shma sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hozirda O'zbekistonda 240 dan ortiq Ozarbayjon kompaniyasi, Ozarbayjonda esa 70 ta O'zbekiston kompaniyasi faoliyat yuritmoqda", – deya ta'kidlangan.
Qayd etilishicha, avtomobil sanoatidagi qo'shma loyihalardan biri – Hojig'obul sanoat parkida "O'zavtosanoat" va "Azermash" hamkorligida "Chevrolet" avtomobillari ishlab chiqarilmoqda. 9 mingta avtomobil ishlab chiqarilgach, ikkinchi zavod qurilishi boshlangan. Bu esa yiliga 30 ming donagacha avtomobil ishlab chiqarish va 1200 ish o'rni yaratish imkonini beradi.
"Har ikki davlat transport va logistikani o'z geografik joylashuvidan foydalanishning kaliti deb biladi. O'zbekistonning Ozarbayjon orqali yuk tashish hajmi to'rt yil ichida besh baravar oshib, 2024-yilda 1 million tonnaga yetdi. O'zbekiston-Qirg'iziston-Xitoy temir yo'li kabi loyihalar orqali Xitoy va Janubiy Osiyo bilan bog'lanish maqsad qilingan", – deya ta'kidlandi nashrda.
Bundan tashqari, maqolada O'zbekiston va Ozarbayjon madaniy diplomatiyaga alohida e'tibor qaratayotgani qayd etiladi. "Qo'shma madaniy tadbirlar, festivallar va Bokuda Alisher Navoiy, Toshkentda Nizomiy Ganjaviy sharafiga o'rnatilgan yodgorliklar chuqur o'zaro hurmatni ifodalaydi. Toshkentdagi Haydar Aliyev yodgorligi ushbu do'stlikning yana bir ramzidir", – deb yozilgan "The Times Kuwait" gazetasida.
Shuningdek, turizm va ta'lim sohasidagi O'zbekiston-Ozarbayjon hamkorligining jadal rivojlanayotgani urg'ulangan.
Maqola xulosasida "Mamlakatlar ilmiy va ta'lim aloqalarini chuqurlashtirmoqda, 40 dan ortiq hamkorlik shartnomalari tuzildi. Energetika, moliya va tibbiyot sohalarida qo'shma o'quv dasturlari rejalashtirilmoqda. Har ikki tomon ham global va mintaqaviy platformalarda o'zlarining ko'p tomonlama sherikligini kengaytirishga sodiqdir",– deb yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida