Logo

O'zbekistonning 2024-yilga mo'ljallangan Davlat dasturida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini to'liq qamrab olish ko'zda tutilgan

Mart 29, 2024. 16:05 • 2 daq

162
O'zbekistonning 2024-yilga mo'ljallangan Davlat dasturida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini to'liq qamrab olish ko'zda tutilgan

BISHKEK, 29-mart. /"Dunyo" AA/. Qirg'izistonning "AKIpress" axborot agentligi "O'zbekistonning 2024-yilga mo'ljallangan Davlat dasturida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini to'liq qamrab olish ko'zda tutilgan" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida rejalashtirilgan keng ko'lamli vazifalar majmui hayotga tatbiq etiladi, – deyiladi materialda. – Xususan, ijtimoiy masalalar bo'yicha sog'liqni saqlash, ta'lim va sport, aholining ayrim guruhlarini ijtimoiy himoya qilish, bandlikni ta'minlash va boshqalar nazarda tutilgan".

Qayd etilishicha, ushbu hujjat mamlakat va uning strategik maqsadlariga erishish uchun katta ahamiyatga ega. Davlat dasturida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, yoshlarni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Ta'lim tizimi, o'qitishning innovatsion uslublarini joriy etish va pedagog kadrlar malakasini oshirishga katta e'tibor qaratilmoqda.

"Bundan ko'zlangan maqsad yoshlarning sifatli ta'lim olishi va yuqori kasbiy tayyorgarligini ta'minlashdan iborat. Ayni paytda maktabgacha ta'lim muassasalarini qamrab olish kengaymoqda. Xususan, so'nggi yetti yilda maktabgacha ta'lim muassasalariga qamrab olish 27 foizdan 74 foizga oshgan. Davlat dasturiga ko'ra, 2024-yil oxirigacha bu boradagi ko'rsatkichlarni yaxshilash rejalashtirilgan", – deya ta'kidlagan agentlik.

Xabar qilinganidek, investitsiya dasturi doirasida 43 ta maktabgacha ta'lim muassasasini qurish, 133 ta obyektni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Tizimli ishlar natijasida olti yoshli bolalarni maktabga tayyorlash tizimiga qamrab olish darajasini 96 foizga oshirish kutilmoqda.

Bundan tashqari, nashrda davlat dasturida ta'lim infratuzilmasiga ham e'tibor qaratilgani ma'lum qilingan. Qayd etilganidek, 518 ta maktabni rekonstruksiya qilish va 30 ta yangi maktab qurish hisobidan 175 ming o'quvchi o'rni yaratish rejalashtirilgan.

Davlat dasturida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini to'liq qamrab olish ko'zda tutilgan. Hujjatda tizim xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash bo'yicha ta'lim platformasini ishlab chiqish haqida ham so'z boradi. Bu kadrlar zaxirasini shakllantirishning muhim bosqichi bo'ladi.

"Dasturga ko'ra, 180 ming kishini ish bilan ta'minlash, 320 ming kishini imtiyozli kredit va subsidiyalar bilan ta'minlash, 100 ming kishini kasbiy ko'nikma hamda tadbirkorlikka o'rgatish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan", – deb yozgan "AKIpress" agentligi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish