Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti elektron nashri IHTning Toshkent sammiti haqida yozdi
Noyabr 08, 2023. 11:11 • 2 daq
• 111
TЕHRON, 8-noyabr. /«Dunyo» AA/. Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) rasmiy veb-saytida «IHTning Toshkent sammiti: keng mintaqaga tegishli muammolarni hal qilishda umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yangi maydon» sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Nashrda ma’lum qilinganidek, 8-9-noyabr kunlari Toshkentda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti bo'lib o'tadi.
«O'zbekiston 1992-yil noyabr oyidan buyon mazkur tashkilotga a’zo bo'lsada, mustaqil O'zbekiston va ushbu birlashma tarixida ilk bor mamlakatimizda IHT doirasidagi ko'p tomonlama sammit o'tkazilmoqda, - deyiladi materialda. - 2022-yilda O'zbekiston ilk bor IHTga raislik qildi».
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021-yil 28-noyabr kuni Ashxobod shahrida bo'lib o'tgan IHT 15-sammitida so'zlagan nutqidan iqtibos keltirilgan. «500 milliondan ortiq aholi yashaydigan, ulkan bozorga ega bo'lgan mamlakatlarimizning savdo va investitsiya sohalaridagi katta imkoniyatlaridan to'liq foydalanish zarur».
Qayd etilishicha Prezident raislikni o'z zimmasiga olar ekan, O'zbekiston IHT doirasidagi har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish tarafdori ekanini ta’kidladi.
Nashrda O'zbekiston IHTga Janubiy Osiyo, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda rivojlanishni yaxshilash, savdo va sarmoyaviy imkoniyatlarni ilgari surish yo'llarini muhokama qilish uchun platforma sifatida qarashi ma’lum qilingan.
«O'zbekiston ushbu tashkilot doirasida mintaqalararo tranzit xablarini tashkil etish, zamonaviy transport va yo'l infratuzilmalarini rivojlantirish, transport va tranzit tariflarini optimallashtirish hamda qo'shimcha chegirmalarni taqdim etish, xalqaro yuk va yo'lovchi tashish shartlarini yengillashtirish, transport sohasini raqamlashtirish masalalariga aniq yechimlar topish tarafdori», - deb yozgan manba.
Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Ashxoboddagi sammitda «yashil» iqtisodiyotni birgalikda faol rivojlantirish, sanoat tarmoqlariga resurs tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, uglerod neytralligiga erishish tashabbusini ilgari surdi, deyiladi maqolada.
Maqolada O'zbekistonning Afg'onistonga umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish va zarur yordam ko'rsatish uchun kuchlarni birlashtirish tarafdori ekanligi urg'ulangan.
Elektron nashrda, shuningdek, O'zbekiston raisligida 2022-yil 17-26-yanvar kunlari bo'lib o'tgan IHT Mintaqaviy rejalashtirish kengashining navbatdagi yig'ilishida mamlakatimiz tashabbusi bilan tuzilma makonida 2022-yil «O'zaro bog'liqlikni mustahkamlash yili» va Shahrisabz shahri «2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti» deb e’lon qilingani haqidagi ma’lumotlar mushtariylar e’tiboriga taqdim qilingan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
“Asdaa Oman” gazetasi: O‘zbekiston iqtisodiyoti 7,5 foizga oshishi kutilmoqda