Logo

"Feeling" jurnali: O'zbekistonning tarixiy shaharlarida afsonaviy Buyuk ipak yo'li muhitini his qilish mumkin

Iyun 02, 2025. 02:39 • 2 daq

59
"Feeling" jurnali: O'zbekistonning tarixiy shaharlarida afsonaviy Buyuk ipak yo'li muhitini his qilish mumkin

BRYUSSEL, 2-iyun. /"Dunyo" AA/. Belgiyaning ommabop "Feeling" jurnalida brend-menejer va sharhlovchi Margo Vandamning O'zbekistonga safari asosida tayyorlangan maqolasi e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda muallif Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlariga qilgan safari taassurotlari bilan o'rtoqlashgan.

Qayd etilganidek, O'zbekiston shaharlarida hozir ham Buyuk ipak yo'li muhitini his qilish mumkin. U yerdagi hayratlanarli gumbazlar, tarixiy binolardagi naqshlar, gavjum bozorlar va noyob ziravorlar sayohatchilarda unutilmas taassurotlar qoldiradi.

Muallif Samarqandni ta'riflar ekan, uning madaniy va savdo markazi bo'lgani, qadimda karvonlar ushbu maskanga ipak, oltin, ziravor, qimmatbaho toshlar va gilamlar olib kelganligini ta'kidlagan.

Materialda Temuriylar davriga tegishli Amir Temur maqbarasi arxitekturasiga alohida e'tibor qaratilgan. Mazkur majmua feruza rangli mozaika va nafis naqshlar bilan bezatilgani, devorlari esa hashamatli ko'k va oltin ranglarda bo'yalgani urg'ulangan.

Shuningdek, maqolada XIV–XV asrlarda qurilgan Shohi Zinda majmuasi haqida so'z borgan.

"Registon maydoni Samarqandning asosiy diqqatga sazovor joyi hisoblanadi. Ajablanarlisi shundaki, bu yerdagi binolarda islom me'morchiligida kamdan-kam uchraydigan holat – hayvonlar va odamlar tasvirlari bilan bezatilgan", – deb yozilgan manbada.

Bundan tashqari, Tillakori madrasasi 2001-yildan YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgani ta'kidlangan.

Margo Vandam, shuningdek, Buxoro me'morchiligiga to'xtalar ekan, Ark qal'asi va Buxoroning qadimiy bozorlar Chingizxon va Rossiya imperiyasi bosqinlaridan keyin ham saqlanib qolganini urg'ulagan.

Maqola yakunida Toshkentda joylashgan Chorsu bozorida yong'oq va ziravorlardan tortib go'sht va mevalargacha bo'lgan turli xil mahsulotlarni topish va sotib olish mumkinligi qayd etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish