Logo

Pokiston OAV: Yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlari kafolatiga oid normalar 3 barobar ko‘paytirildi

Dekabr 06, 2025. 10:30 • 3 daq

323
Pokiston OAV: Yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson huquqlari kafolatiga oid normalar 3 barobar ko‘paytirildi

ISLOMOBOD, 6-dekabr. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Media Online Today” va “Islamabad Post” nashrlarida O‘zbekiston Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yuridik fanlar doktori, professor Ixtiyor Bekov qalamiga mansub “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi: yangilangan Qomusimiz – huquqiy jamiyat poydevori” sarlavhali maqolada yozilganidek, yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi davlatchilik, inson huquqlari borasida boshlangan demokratik islohotlarda ortga qaytmasligimizning o‘ziga xos isboti, desak bo‘ladi.

Muallifga taʼkidiga ko‘ra, Bosh qonunimiz milliy taraqqiyot yo‘limizni belgilab beruvchi, orqaga qaytmaydigan islohotlarimiz, milliy davlatchilik modelining eng muhim dasturulamali hisoblanadi.

“O‘zbekiston Prezidenti 2023 yil 8 mayda Oliy Majlis palatalari aʼzolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida yangilangan Bosh qonunning muhim jihatlari haqida fikr bildirar ekan, “...Konstitutsiyamizda ilk bor O‘zbekiston Respublikasiga huquqiy davlat degan taʼrif berildi. Bosh qomusimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar ko‘paytirildi. Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi taʼminlanadi, degani”, deb alohida taʼkidladi”, – deyilgan maqolalarda.

Pokiston OAVda eʼlon qilingan materiallarda yozilganidek, O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi mamlakat xalqi uchun juda katta bayram. Shu bilan birga, Bosh qonunning xalq hayotidagi o‘rni, uning inson qadri va adolatni taʼminlashdagi mislsiz ahamiyatini yana bir bor chuqur anglab olish uchun muhim fursatdir. Shu maʼnoda Prezidentning Konstitutsiya kunini yuksak saviyada nishonlash to‘g‘risidagi farmoyishi nafaqat bayram tadbirlari dasturini belgiladi, balki Konstitutsiyaning zamonaviy jamiyat hayotidagi chuqur huquqiy, maʼnaviy va strategik ahamiyatini yana bir bor eʼtirof etdi.

“Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyoda mamlakatlar raqobatbardoshligi, davlat boshqaruvi samaradorligi, inson huquqlari kafolati zamon talabiga mos yangi konstitutsiyaviy qoidalar va institutsional mexanizmlar orqali taʼminlanadi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiya esa shunday zamonaviy huquqiy yondashuvlarni o‘zida mujassam qilgan. Unda inson qadri, erkinlik, tenglik, ijtimoiy adolat, xalq hokimiyatchiligi va qonun ustuvorligi kabi tamoyillar nafaqat bayon etildi, balki ularni hayotga tatbiq qilishning amaliy mexanizmlari ham qatʼiy belgilab qo‘yildi”, – qayd etilgan manbalarda.

Muallif yozganidek, O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi muhim ijtimoiy-siyosiy voqelik sifatida barchamizga katta masʼuliyat yuklaydi. Zero, Konstitutsiyada belgilangan huquq va qadriyatlarning kundalik hayotda aks etishi, uning har bir moddasi inson manfaatiga xizmat qilishi har birimizga bog‘liq.

Nashrlarda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar respublikada “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oya asosida yuqori saviyada o‘tkazilayotgani taʼkidlangan.

“Bosh qonunimizning hayotimizdagi o‘rnini yana bir bor chuqur anglash, uning normalari har bir sohada amal qilishi uchun umumiy masʼuliyatni his etish barchamizdan faol fuqarolik pozitsiyasi, yuqori huquqiy madaniyat va qonun ustuvorligiga sadoqatni talab etadi”, – deya urg‘ulagan Ixtiyor Bekov o‘z xulosasida.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish