Pokiston OAV: O'zbekiston BMT doirasida iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda mintaqani birlashtirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda
Sentabr 21, 2025. 12:36 • 3 daq
• 46
ISLOMOBOD, 21-sentabr. /"Dunyo" AA/. Pokistonning "Election Times" onlayn platformasi va "Daily Ittehad" gazetasida "O'zbekistonning iqlim o'zgarishi va suv xavfsizligi bo'yicha mintaqaviy tashabbuslari" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Muallif o'z maqolasi muqaddimasida yozganidek, suv hayotdir. Bugungi kunda suvning qadr-qimmati va ahamiyati, shuningdek, ushbu hayotiy resursga bo'lgan talab dunyo miqyosida muttasil ortib bormoqda. Mutaxassislar buni iqlim o'zgarishi, qadimgi muzliklarning qisqarishi, sanoatning o'sishi, aholi sonining ko'payishi va buning natijasida oziq-ovqatga bo'lgan talabning oshishi kabi omillar bilan izohlamoqda.
"O'zbekiston iqlim o'zgarishiga qarshi kurashda mintaqani birlashtirishga qaratilgan muhim iqlim tashabbuslarini faol ilgari surmoqda. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbuslari mintaqa davlatlari tomonidan izchil qo'llab-quvvatlanmoqda. Xususan, 2023-yil 14-sentabrda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvida O'zbekiston Iqlim o'zgarishiga moslashish bo'yicha Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish tashabbusini e'lon qildi", – deyilgan nashrlarda
Bundan tashqari, O'zbekiston Prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2023-yil 19-sentabrdagi 78-sessiyasidagi nutqida "Markaziy Osiyo global iqlim muammolariga duch kelmoqda: umumiy farovonlik yo'lida birdamlik" deb nomlangan rezolyutsiyani qabul qilishni taklif qilgan edi.
Ushbu tashabbus, birinchi navbatda, Markaziy Osiyoda global iqlim o'zgarishi tahdidlarini bartaraf etishga qaratilgan bo'lib, ham mintaqaviy, ham xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yo'lidagi muhim qadamdir. Tashabbus hamjihatlik tamoyillariga asoslanib, Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror rivojlanish va butun mintaqa xalqlari farovonligiga bevosita ta'sir ko'rsatuvchi cho'llanish va suv xavfsizligi kabi dolzarb muammolarga qarshi birgalikda kurashish zarurligini ta'kidlaydi.
"2025-yil 4-aprel kuni Samarqandda Xalqaro iqlim forumi bo'lib o'tdi. Unda Markaziy Osiyo oldida turgan dolzarb iqlim muammolari muhokama qilindi, ekologik barqarorlik, "yashil" iqtisodiy rivojlanish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashishda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko'rib chiqildi. Mintaqa davlatlari Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishiga moslashish strategiyasini bir ovozdan ma'qulladilar",
Amudaryo va Sirdaryo havzalarida joylashgan Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari suv yo'llari va suv manbalari orqali bir-biri bilan chambarchas bog'langan. Bugungi sharoitda suv Markaziy Osiyo xalqlari uchun tinchlik va farovonlikni ta'minlashning eng muhim omillaridan biriga aylandi.
Mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida Markaziy Osiyoda suvni tejovchi texnologiyalar platformasini yaratishni ham taklif qilgan edi. U 2025-yil 4-aprel kuni Samarqand xalqaro iqlim forumidagi nutqida bu masalaga yana bir bor urg'u berdi.
"O'zbekiston Respublikasining 2020-2030-yillarda suv xo'jaligini rivojlantirish konsepsiyasi va "O'zbekiston — 2030" strategiyasida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo'yicha ulkan vazifalar belgilangan. O'zbekiston qurg'oqchil mintaqada, okeanlar va katta dengizlardan uzoqda joylashgan davlatdir. Prognozlarga ko'ra, global iqlim o'zgarishi ta'sirida mintaqada suv resurslari qisqarishda davom etadi, aholi sonining o'sishi va sanoat rivojlanishi natijasida suvga bo'lgan talab ortib boraveradi. Bunday sharoitda O'zbekiston Prezidenti tomonidan mintaqa xavfsizligi va farovonligini ta'minlash borasida ilgari surilgan tashabbuslar hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lib, ularning samaradorligi hayotiy samaralar bilan o'z isbotini topmoqda", – deb yozilgan Pokiston OAVda e'lon qilingan maqolalarda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida