Logo

Pokiston OAV: Termiz nafaqat transport va savdo aloqalari nuqtasi, balki gumanitar va ta'lim sohalarida ham faol xalqaro markazga aylanmoqda

May 14, 2025. 11:14 • 4 daq

79
Pokiston OAV: Termiz nafaqat transport va savdo aloqalari nuqtasi, balki gumanitar va ta'lim sohalarida ham faol xalqaro markazga aylanmoqda

ISLOMOBOD, 14-may. /"Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi ommaviy axborot vositalarida O'zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, savdo-iqtisodiy madaniy-gumanitar va xalqaro doiradagi hayotiga bag'ishlangan turkum maqolalar e'lon qilinmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, "Independent News Pakistan – iNP" axborot agentligi, "Pakistan in the World" jurnali, "Daily Ittehad", "Daily Spokesman" va "Daily Big Digit" gazetalari, "The AZB", "The Gulf Observer", "JeeVey Pakistan", "The Europe Today" va "World News" onlayn platformalarida Termiz shahrining Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o'rtasida xavfsizlik, barqaror rivojlanish va o'zaro bog'liqlikni ta'minlashdagi o'rniga bag'ishlangan "Termiz platformasi – Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash bo'yicha muloqot maydoni"sarlavhali tahliliy maqolalar e'lon qilindi.

Ularda mamlakatimizning mazkur strategik hudud orqali ilgari surilayotgan mintaqaviy bog'liqlik va barqarorlik tashabbuslariga xolis baho berilgan.

Jumladan, Termiz shahrining tarixiy, geosiyosiy va logistika jihatdan noyob mavqei, uning Afg'oniston orqali Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni mustahkamlashdagi roli, shuningdek, mintaqada xavfsizlikni ta'minlashdagi muhim funksiyalari qayd etilgan.

Pokiston OAV ta'kidiga ko'ra, O'zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan mintaqaviy hamkorlik strategiyasi, jumladan, 2021-yilda Toshkentda o'tkazilgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar" xalqaro konferensiyasi va uning asosida BMTda qabul qilingan maxsus rezolyutsiya – mintaqa davlatlari o'rtasidagi siyosiy ishonchni mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo'ldi.

Termiz shahri bu jarayonda alohida ahamiyatga ega strategik hudud sifatida ko'rsatilmoqda. Maqolada ta'kidlanganidek, bugungi kunda Termiz nafaqat transport va savdo aloqalari markazi, balki gumanitar va ta'lim sohalarida ham faol rivojlanish markaziga aylanmoqda.

Nashrlarda ayni paytda amalga oshirilayotgan "Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar" temir yo'li va "Surxon – Puli-Xumri" elektr uzatish loyihalarini butun mintaqadagi iqtisodiy integratsiya uchun asosiy poydevorlardan biri, deb baholangan. Ayniqsa, Termiz orqali Afg'oniston va Pokistonga yuklarni gumanitar va tijorat maqsadida yetkazib berish imkoniyatlari kengayishi, logistika oqimlarini optimallashtirishga xizmat qilayotgani alohida e'tirof etilgan.

Shuningdek, maqolalarda Termiz shahrida tashkil etilgan Afg'oniston fuqarolari uchun ta'lim markazi ham alohida qayd etilgan. "Bu ta'lim muassasasi orqali O'zbekiston tomoni qo'shni mamlakat yoshlari uchun ta'lim olish, kasb-hunar o'rganish va kelajakda mamlakatning tiklanishida ishtirok etish imkoniyatini yaratib bermoqda. Mazkur tashabbus mintaqa tinchligi va barqarorligiga qaratilgan ulkan insonparvarlik qadamidir", – deyilgan nashrlarda.

Bundan tashqari, Termiz orqali BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan Afg'onistonga yo'naltirilayotgan gumanitar yordamlar logistika markazining samarali faoliyati haqidagi ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga taqdim qilingan. Shuningdek, 2022-yilda Termizdan Pokistondagi suv toshqinidan jabrlangan aholiga gumanitar yordam yuborilgani ham O'zbekistonning insonparvarlikka asoslangan tashqi siyosatiga yaqqol misol ekani ta'kidlangan.

"Termiz shahrida 2024-yil avgust oyida ochilgan "Termiz" xalqaro savdo markazi ham mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Bu markaz 3 mingdan ortiq savdo nuqtalarini qamrab oladi, tashrif buyuruvchilar uchun vizasiz rejim yaratilyapti, qo'shni Afg'oniston bilan savdo va aloqalarni yanada faollashtirmoqda. Markaz, shuningdek, O'zbekistonning savdo salohiyatini oshirish, balki butun mintaqani iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi", – deb ta'kidlangan materiallarda.

Bundan tashqari Pokiston OAV Termizning mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashdagi tarixi va bugungi faoliyati, jumladan, terrorizm, narkotrafik va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashdagi o'rni haqida ham ma'lumot berilgan. Bu yo'nalishdagi qo'shma tashabbuslar, jumladan, "Do'stlik ko'prigi" orqali olib borilayotgan nazorat tadbirlari xalqaro hamkorlikning samarali mexanizmi sifatida ta'riflagan.

O'zbekiston tomonidan Termiz shahri negizida amalga oshirilayotgan ushbu ko'p qirrali va uzoqni ko'zlagan tashabbuslar Markaziy va Janubiy Osiyoni yaqinlashtirish, umumiy manfaatlarga xizmat qiladigan muloqot, hamkorlik va tinchlik muhitini shakllantirishda katta ahamiyatga ega.

Pokiston OAVda e'lon qilingan maqolalar "Termiz maydoni" tashabbusini mintaqaviy barqarorlik, iqtisodiy o'sish va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan zamonaviy va innovatsion yondashuv sifatida yuqori baholab, u Markaziy va Janubiy Osiyoning yangi rivojlanish bosqichiga ko'tarilishini rag'batlantiradi", – degan so'zlar bilan yakunlanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish