Logo

Germaniya OAV: O'zbekiston yangi shakllanayotgan Yevroosiyo logistikasining faol ishtirokchisiga aylanmoqda

Avgust 07, 2025. 13:10 • 3 daq

55
Germaniya OAV: O'zbekiston yangi shakllanayotgan Yevroosiyo logistikasining faol ishtirokchisiga aylanmoqda

BERLIN, 7-avgust. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning "Stimme-Der-Hauptstadt.de" va www.berliner-telegraph.de kabi onlayn nashrlarida O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonda bo'lib o'tgan BMTning Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha uchinchi konferensiyasidagi ishtirokiga bag'ishlangan maqolalar e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-avgust kuni BMTning Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha uchinchi konferensiyasiga ishtirok etish uchun Turkmanistonga tashrif buyurdi. U yerda uni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kutib oldi", – deyiladi nashrlarda.

Ta'kidlanishicha, BMT va Turkmaniston hukumati hamkorligida o'tkazilgan xalqaro anjumanga dunyoning 32 ta dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan davlatlari rahbarlari, 100dan ortiq yuqori darajadagi hukumat delegatsiyalari tashrif buyurib, konferensiya doirasida tashkil etilgan siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. Markaziy Osiyo kunlari, mintaqa davlatlarining milliy yutuqlari, sarmoyaviy va infratuzilma loyihalariga bag'ishlangan ko'rgazmalar o'tkazildi.

Maqolada yozilishicha, har o'n yilda bir marta o'tkaziladigan mazkur konferensiya xalqaro transport va logistika sohasida muhim qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha I konferensiya 2003-yilning 28-29-avgust kunlari Qozog'istonning Olmaota shahrida, II konferensiya 2014-yil 3-5-noyabr kunlari Avstriyaning Vena shahrida bo'lib o'tgan. Konferensiya mahsuli sifatida Olmaota Harakatlar dasturi, 2014-2024-yillarga mo'ljallangan Vena Harakat dasturi qabul qilingan.

Nemis nashrlari, o'z o'quvchilari e'tiborini O'zbekistonning xalqaro jahon savdo maydoniga chiqish yo'lidagi sa'y-harakatlariga qaratgan. "O'zbekiston barqaror transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, savdo yo'nalishlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida faol ish olib bormoqda", – deb yozilgan manbalarda.

Shuningdek, maqolalarda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2022-yilda O'zbekiston tashabbusi bilan 40ta davlat bilan hammualliflikda qabul qilingan Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo'yicha maxsus rezolyutsiya qabul qilingani, mamlakat Transafg'on temir yo'li qurilishi, O'rta transport yo'lagini rivojlantirish, "Bir makon, bir yo'l" tashabbusi, Xitoy-Markaziy Osiyo loyihalari kabi yirik loyihalarda faol ishtirok etayotganiga urg'u berilgan.

Bundan tashqari, O'zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ham o'zining global tashabbuslarini ilgari surmoqda.

Mamlakatning bunday ko'p tomonlama yondashuvi o'z natijasini ko'rsatmoqda. Jumladan, O'zbekiston orqali tranzit tashish hajmi o'smoqda, uning Yevroosiyodagi transport xabi sifatidagi roli oshib bormoqda. Obyektiv geografik cheklovlarga qaramay, mamlakat tashqi xavf-xatarlarga chidamliligini kuchaytirgan holda, jahon iqtisodiyotiga to'liq integratsiyalashuviga yo'l ochmoqda.

"Bugun O'zbekiston o'zining dengizdan ikki karra uzoqlikda joylashuviga qiyinchilik emas, balki uni yangi shakllanayotgan Yevroosiyo logistikasining faol ishtirokchisiga aylantiruvchi strategik omil sifatida qaramoqda", – deyiladi maqolalarda.

Maqolalar "O'zbekiston rahbarining BMT Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha uchinchi konferensiyasidagi ishtiroki respublikaning xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va mavjud muammolarning istiqbolli yechimlarini topishga intilishini namoyon qildi", – degan so'zlar bilan yakunlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish