Logo

Ozarbayjon Prezidentining O'zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi Rossiya OAV diqqat markazida

Avgust 24, 2024. 13:22 • 2 daq

153
Ozarbayjon Prezidentining O'zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi Rossiya OAV diqqat markazida

MOSKVA, 25-avgust. /"Dunyo" AA/. Rossiyaning yetakchi ommaviy axborot vositalari – davlatlararo "Mir 24" telekanali, "TASS", "Sputnik Uzbekistan" axborot agentliklari, "Lenta.ru" portali va "Vestnik Kavkaza" nashri Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O'zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifini keng yoritdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Jumladan, "Sputnik Uzbekistan" axborot agentligi Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va rafiqasi bilan 22-avgust kuni O'zbekistonga davlat tashrifi bilan borgani haqidagi maqolani tarqatdi. Unda Ozarbayjon rahbarining Toshkentga tashrifi davomida O'zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari raisligida oliy darajadagi muzokaralar va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig'ilishi bo'lib o'tgani xabar qilingan.

"Mir 24" telekanali O'zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning juma kuni Toshkentdagi muzokaralari yakuniga ko'ra, Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnoma imzolanganini ma'lum ma'lum qildi. O'zbekiston rahbarining so'zlariga ko'ra, mazkur hujjatning imzolanishi tarixiy voqea bo'ldi. Shartnoma imzolanishini sharhlar ekan, Prezident Ilhom Aliyev O'zbekiston nafaqat mintaqada, balki jahon miqyosida ham juda muhim siyosiy nufuzga ega davlatga aylanganini alohida ta'kidladi.

Muzokaralar chog'ida Toshkent va Boku o'rtasidagi amaliy hamkorlikni oshirishga alohida e'tibor qaratildi. Bundan tashqari, mamlakatlar o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish muhimligi ta'kidlandi. Tomonlar o'rtasida 2025-yilni O'zbekiston va Ozarbayjon o'rtasida Iqtisodiy hamkorlik yili deb e'lon qilish va keng qamrovli dastur qabul qilish bo'yicha kelishuvga erishildi.

"TASS" axborot agentligining yozishicha, Ozarbayjon va O'zbekiston Qorabog'ning Xonkendi shahrida yengil sanoat korxonasini tashkil etish loyihasini amalga oshirmoqda.

"Men faqat bitta loyihani ta'kidlamoqchiman, chunki bu muhim. Bu Xonkendi shahrida yangi yengil sanoat korxonasining tashkil etilishidir. Bu xalqlarimiz birodarligi va do'stligining yana bir ramzidir", – deya Prezident Ilhom Aliyev so'zlaridan iqtibos keltirgan "TASS" AA.

Qayd etilishicha, O'zbekiston o'z mablag'lari hisobidan Fuzuliy shahrida Mirzo Ulug'bek nomidagi 960 o'quvchiga mo'ljallangan umumta'lim maktabini qurgan. Shuningdek, tashrif yakunlari bo'yicha 12 ta hujjat, jumladan, ikki davlat o'rtasidagi Ittifoqchilik munosabatlari to'g'risidagi shartnoma imzolangani xabar qilingan.

"Vestnik Kavkaza" nashrida joylashtirilgan ushbu mavzuga oid maqola Ko'ksaroy qarorgohida bo'lib o'tgan Ozarbayjon Prezidentini rasmiy kutib olish tantanali marosimiga bag'ishlangan.

"Ozarbayjon rahbari sharafiga faxriy qorovul tuzilib, maydonda Ozarbayjon va O'zbekiston davlat bayroqlari ko'tarildi. Kutib olish marosimidan so'ng Ozarbayjon va O'zbekiston Prezidentlarining tor doiradagi uchrashuvi bo'lib o'tdi", – deb yozgan manba.

Ma'lum qilinishicha, yetakchilarning yakkama-yakka muloqotidan so'ng ikki davlat rahbarlari raisligida Ozarbayjon-O'zbekiston Oliy davlatlararo kengashining birinchi majlisi bo'lib o'tdi.

"O'zbekiston Prezidenti O'zbekiston va Ozarbayjon Oliy davlatlararo kengashining birinchi yig'ilishida so'zlagan nutqida Boku va Toshkent so'nggi bir necha yil ichida hamkorlikni sezilarli darajada kengaytirganini ta'kidladi", – deyiladi maqolada.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish