Ukraina kompaniyasi O‘zbekistondagi korxonasida Yevropa sifat standartlarini joriy etmoqda
May 19, 2026. 15:55 • 2 daq
• 212
KIEV, 20-may. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning “YURIA-FARM” farmatsevtika kompaniyasi O‘zbekistondagi “Reka-Med Farm” korxonasida Yevropa sifat standartlarini joriy etish bo‘yicha ishlar olib bormoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Kyiv Diplomatic” nashriga tayanib.
Ushbu loyiha ishlari O‘zbekistonda 2030-yilga qadar dori vositalari mahalliy ishlab chiqarish ulushini 70 foizga yetkazish vazifasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, kompaniya 2023-yilda zavodni sotib olgach, korxonada keng ko‘lamli modernizatsiya ishlarini amalga oshirgan. Ishlab chiqarish jarayonlari avtomatlashtirilib, “SCADA” raqamli boshqaruv tizimlari joriy etilgan. Shuningdek, suvni tozalash, sterillash va toza xonalar tizimlari yangilangan. Bu ishlab chiqarish quvvatini qariyb 50 foizga oshirib, yillik 13,5 million birlikka yetkazish imkonini bergan.
Hozirda korxonada “GMP” standartlarini joriy etish hamda yangi ishlab chiqarish madaniyatini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston qonunchiligi talablarini inobatga olgan holda Ukraina sifat standartlari va ishlab chiqarish tartib-qoidalari moslashtirilgan, yuzlab standart operatsion protseduralar ishlab chiqilgan, xodimlar uchun “GMP” va “Kaizen” tamoyillari bo‘yicha o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilgan.
Nashrda qayd etilishicha, korxonada amalga oshirilayotgan modernizatsiya jarayonlari nafaqat texnologik uskunalarga, balki ishlab chiqarish madaniyati va xodimlar yondashuviga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, loyiha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) ko‘magida o‘n millionlab dollarlik investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda korxona o‘z mahsulotlarini Tojikistonga eksport qilmoqda. Yaqin istiqbolda esa Qozog‘iston va mintaqaning boshqa mamlakatlari bozorlariga chiqish, ampula ishlab chiqarishning yangi liniyalarini ishga tushirish va “Blow-Fill-Seal” texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi o‘ziga xos qadimiy sado va kuylar “Ohang” orqali tarixga muhrlandi

“UN Journal”: O‘zbekistonda urbanizatsiya sohasida barqaror rivojlanishning yangi modeli shakllanmoqda


