O‘zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi tayinlandi
May 05, 2026. 16:55 • 2 daq
• 220
JAZOIR, 5-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi (qarorgohi Qohira shahrida) Mansurbek Qilichev Jazoir tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Qisqa marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazir Ahmad Attaf Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy aloqalarni yuqori baholab, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi munosabatlarni chuqurlashtirish muhimligiga eʼtibor qaratdi.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, Ahmad Attaf hozirgi vaqtda o‘zaro savdo hajmi tomonlar salohiyatidan ancha past ekanini qayd etib, tog‘-kon sanoati va geologiya, farmatsevtika hamda to‘qimachilik sanoati kabi tarmoqlarda ulkan imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.
Vazir aholisi 50 million kishilik Jazoirda O‘zbekiston to‘qimachilik kompaniyalari mahsulotlari ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yib, keyinchalik ularni ulkan Afrika qitʼasiga bojsiz eksport qilish imkoniyati borligini maʼlum qildi. Shuningdek, u mamlakat iqtisodiy zonalarida savdo uylari, omborxonalar va ko‘rgazma zallarini (shou-rumlar) tashkil etish, ishbilarmonlar kengashini shakllantirish hamda hukumatlararo komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.
Taʼlim, tibbiyot va parlamentlararo hamkorlik sohalaridagi aloqalarni kengaytirish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Vazir Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlar, shuningdek, mamlakatning izchil taraqqiyotidan yaxshi xabardor ekanini bildirdi.
Suhbat yakunida Ahmad Attaf O‘zbekiston TIV rahbarining Jazoirga tashrifini intiqlik bilan kutayotganini qayd etib, hamkasbiga o‘zining samimiy salomlarini yetkazishni so‘radi. Bundan tashqari, u O‘zbekiston elchisining Jazoirdagi faoliyatini samarali yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, 47 yoshli elchi Mansurbek Qilichev Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti bitiruvchisi. U 2002-yildan buyon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlab, turli diplomatik lavozimlarda, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida, shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida — Saudiya Arabistonidagi elchixonasi va Dubaydagi Bosh konsulxonasida faoliyat yuritgan. Mansurbek Qilichev 2021-yil oktyabr oyidan buyon O‘zbekistonning Misrdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi lavozimida ishlab kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi