Polshaning “Bronisze” bozorida o‘zbek meva-sabzavotlari uchun logistika-savdo majmuasi tashkil etiladi
Dekabr 01, 2025. 20:48 • 2 daq
• 92VARSHAVA, 2-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Polshadagi elchixonasi diplomatlari Mazoviya voyevodaligidagi “Bronisze” qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ulgurji bozoriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
1995-yilda tashkil etilgan “Bronisze” bozori Polshadagi eng yirik agrar savdo maydonlaridan biri hisoblanadi. Bozor Markaziy Yevropada meva-sabzavot, gullar va oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bo‘yicha asosiy logistika nuqtasi sanaladi. Bozor maydoni 62 gektar. Hududda 10 dan ortiq yirik savdo obyektlari, zamonaviy logistika infratuzilmasi, saqlash va taqsimlash markazlari joylashgan.
Vakillarimiz bozor direktori Kshishtof Karpa bilan o‘tkazgan uchrashuvda O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi agrar va oziq-ovqat mahsulotlari savdosini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida ikki mamlakat o‘rtasidagi agrosanoat sohasidagi hamkorlik aloqalari haqida suhbatlashildi. Bozor direktori “Bronisze” bozorida O‘zbekistondan import qilingan tarvuz, qovun va quruq mevalar muvaffaqiyatli sotilayotganini taʼkidladi.
– Bozorimizda Misr, Marokash, Italiya va Ispaniyadan keltirilgan tarvuz va qovunlar ham bor. Biroq, O‘zbekistonda yetishtirilgan poliz va meva-sabzavot mahsulotlarining taʼm va sifati yuqori bo‘lib, Polsha bozorida o‘z o‘rniga ega, – deydi Kshishtof Karpa.
Tomonlar suhbat davomida mahsulotlarni eksport-import qilishda Yevropa Ittifoqi sifat va xavfsizlik standartlariga javob berishi, yetkazib berish vaqti va logistika intizomiga rioya qilinishi,
bozor ehtiyojiga mos ravishda kerakli hajmda va belgilangan vaqtda taklif qilish masalalarida fikr-mulohaza almashdi.
Shuningdek, Kshishtof Karpa bozor hududida bio mahsulotlar pavilyoni qurilishi boshlangani va unda O‘zbekiston o‘z mahsulotlari bilan alohida ishtirok etishi mumkinligini qayd etdi.
2026-yilning birinchi yarimida O‘zbekiston O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori hamda Toshkent viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiyaning Polshaga tashrifi doirasida “Bronisze” bozori hududida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari degustatsiyasi hamda biznes-forum o‘tkazish bo‘yicha maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv yakunida Toshkent viloyatidagi “FOOD CITY” ulgurji bozori hamda “Bronisze” o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatish, 2026 yilda Kshishtof Karpa boshchiligida Polsha biznes-missiyasining O‘zbekistonga tashrifi, “Bronisze” bozori hududida o‘zbek meva-sabzavotlarini saqlash, saralash va qadoqlash imkoniyatlariga ega bo‘lgan maxsus logistika va savdo majmuasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Budapeshtda ikkinchi O‘zbekiston–Vengriya hududlararo forumi bo‘lib o‘tdi
Polshadagi agentlik Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochmoqchi
Gujranvala shahrida O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

