O‘zbekiston–Litva o‘rtasidagi hamkorlik kengaytiriladi
Noyabr 29, 2025. 15:41 • 52 soniya
• 91
RIGA, 1-dekabr. /“Dunyo” AA/. Elchixona tomonidan O‘zbekiston va Litva parlamentlararo do‘stlik guruhlari rahbar va aʼzolari o‘rtasida videoaloqa formatida suhbat tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Onlayn muloqot jarayonida do‘stlik guruhlari hamraislari –O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati Anvar To‘ychiyev hamda Litva Seymi deputati Kyastutis Majeyka investitsiya, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro fikr-mulohaza almashdi.
Kyastutis Majeyka Litva O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi yirik savdo hamkorlaridan biri ekani, bu ishbilarmonlik aloqalarini yana-da mustahkamlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini taʼkidladi.
Alohida eʼtibor parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish masalalariga qaratildi. Guruh rahbarlari har tomonlama hamkorlikni yana-da kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.
Qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, chiqindilarni qayta ishlash, raqamlashtirish, transport va logistika, taʼlim, qayta tiklanadigan energiya manbalari yo‘nalishlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Tomonlar mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma investitsiya va grant loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Taʼlim sohasidagi hamkorlik doirasida Litvaning o‘zbek talabalarini Yevropa Ittifoqi dasturlari, Erasmus+ hamda Litva oliygohlarining stipendiyalari asosida qabul qilishga tayyor ekani taʼkidlandi. Bu akademik mobillik va yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi