Xalqaro tadbirda pochta va kuryerlik jo‘natmalari bojxona nazoratini soddalashtirish taklif qilindi
Dekabr 02, 2025. 18:55 • 2 daq
• 288
BRYUSSEL, 4-dekabr. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Keln va Belgiyaning Bryussel shaharlarida xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarning bojxona nazorati tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘quv seminarlarida yurtimiz vakillari ham ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekiston bojxona idoralari mutaxassislaridan iborat delegatsiya o‘quv seminarlarda sohadagi milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, Jahon savdo tashkilotining “Savdo tartibotlarini soddalashtirish bitimi” 7.8-moddasi talablarini muvofiqlashtirish masalalarida o‘z tajribalarini boyitdi.
Tadbir davomida yirik xalqaro kuryerlik tashkilotlari UPS – United Parcel Service, DHL – Dalsey, Hillblom and Lynn hamda Jahon bojxona tashkiloti vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etildi. Unda xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari bojxona nazorati jarayonini yanada soddalashtirish va takomillashtirish, Jahon bojxona tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar berildi.
Muloqot jarayonida globallashuv jarayonida elektron tijorat sohasi jadal rivojlanib borayotgani, bunda elektron platformalar orqali xarid qilingan tovarlar xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalari orqali xaridorga yetkazib berilayotgani xususida fikr-mulohaza almashildi.
Vakillarimiz 2025-yilning o‘tgan davrida O‘zbekistonga olib kelingan xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarining soni 2020-yilga nisbatan 9 barobarga yoki 6,8 million donaga oshgani qayd etdi. Bu esa, sohadagi tartiblarni yanada soddalashtirish, zamonaviy axborot texnologiyalarini jalb etish hamda normativ-huquqiy bazani takomillashtirish zaruratini yuzaga keltiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi