O'zbekiston va Vengriya oliy ta'lim muassasalari ilmiy va akademik hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi
Sentabr 30, 2025. 19:37 • 2 daq
• 104
BUDAPESHT, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Toshkent davlat agrar universiteti (TDAU) delegatsiyasi Vengriyaning yetakchi universitetlari bilan akademik, ilmiy va ta'lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Budapeshtga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida delegatsiya Budapeshtdagi Korvinus universiteti rektori Bruno van Pottelsberge va Vengriya qishloq xo'jaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori Chaba Dyuricha bilan samarali uchrashuvlar o'tkazildi. Asosiy e'tibor ikki mamlakat o'qituvchilari va talabalari o'rtasidagi qo'shma ta'lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar va tajriba almashinuvini rivojlantirishga qaratildi.
Korvinus universiteti rektori Bruno van Pottelsberge bilan qishloq xo'jaligi va agrobiznes sohasida qo'shma ta'lim dasturini yaratish istiqbollari muhokama qilindi. Hamkorlik doirasida Vengriya ekspertlari ishtirokida Toshkent davlat agrar universiteti talabalari uchun venger tili kurslarini tashkil etish, shuningdek, suv resurslarini boshqarish va veterinariya sohalarida qo'shma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirildi.
MATE bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi. O'zbekistonlik o'qituvchilar ushbu universitetda ilmiy stajirovka o'tashlari, qo'shma tadqiqotlarda ishtirok etishlari va natijalarni xalqaro ilmiy jurnallarda e'lon qilishlari mumkin bo'ladi. Bundan tashqari, TDAU professorlarini ushbu universitet tomonidan o'tkaziladigan xalqaro konferensiyalarga lektor va ma'ruzachi sifatida taklif qilish ko'zda tutilgan.
Muzokaralarning muhim qismi 2023-yilda yo'lga qo'yilgan qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat texnologiyalari bo'yicha qo'shma ta'lim dasturini kengaytirish masalasi bo'ldi. Vengriyada tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar sonini oshirish rejalashtirilmoqda.
Safar yakunlari TDAU va Vengriya universitetlari o'rtasidagi strategik hamkorlikning yuqori darajasini tasdiqladi va yaqin kelajakda yangi qo'shma ta'lim, ilmiy va tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Berlinda "O'zbekiston-Germaniya universitetlari birinchi forumi" o'tkazildi
O'zDJTU delegatsiyasi Agradagi universitetga tashrif buyurdi
Farg'ona viloyati maktab o'qituvchilari Yaponiya ta'lim tajribasini o'rgandi