Berlinda "O'zbekiston-Germaniya universitetlari birinchi forumi" o'tkazildi
Noyabr 23, 2025. 13:54 • 5 daq
• 178
BERLIN, 24-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Germaniyaning tadqiqotlar, texnologiya va kosmos federal vazirligi, Akademik almashinuvlar xizmati (DAAD) hamda Germaniya tadqiqotlar jamiyati (DFG) fondi bilan hamkorlikda "O'zbekiston-Germaniya universitetlari birinchi forumi" tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Oliy ta'lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlikka bag'ishlangan katta tadbirga Germaniyaning tadqiqotlar, texnologiya va kosmos federal vazirligi, Universitetlar rektorlari Konferensiyasi rahbariyati va vakillari, universitetlar, tadqiqot institutlari, ilmiy markazlar rahbarlari, ta'lim grantlari bo'yicha fondlar vakillari, shuningdek, mamlakatimizdan Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o'rinbosari Sardor Rajabov boshchiligidagi delegatsiya jami ikki davlat tomonidan 200ga yaqin oliygohlar va ilmiy muassasalar rahbarlari tashrif buyurdi.
Tadbirning ochilishida elchi Dilshod Axatov so'zga chiqib, ishtirokchilarni qutladi va yurtimizda barcha sohalar kabi ta'lim sohasida ham amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida xalqaro hamkorlik, jumladan Germaniya bilan ham tobora kengayib borayotgani, so'nggi paytlardagi qo'shma loyihalar, qo'shma forumlar hamda anjumanlar buning tasdig'i ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, mazkur forum O'zbekiston-Germaniya munosabatlarida birinchi marotaba, ayniqsa siyosat, iqtisodiyot, ta'lim, ilm-fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik jadal rivojlanayotgan bir davrda o'tkazilayotgani bilan tarixiy ahamiyatga ega ekanligini aytdi. Diplomatiya vakolatxonasi rahbari joriy yil 28-oktyabr kuni Toshkentda bo'lib o'tgan Madaniy hamkorlik bo'yicha O'zbekiston-Germaniya qo'shma komissiyasining beshinchi yig'ilishida universitetlar o'rtasida loyihalar, akademik mobillik dasturlari, ilmiy-tadqiqot institutlari hamkorligi, yosh olimlar o'rtasida qo'shma tashabbuslarni ilgari surishni kengaytirish to'g'risida kelishuvlarga erishilganini qayd etdi.
Vazir birinchi o'rinbosari o'z chiqishida O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi ta'lim sohasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko'tarilayotganini ta'kidlab, ikki mamlakat universitet va ilmiy muassasalari o'rtasida qo'shma ta'lim dasturlari, ilmiy tadqiqotlar, professor-o'qituvchilar va talabalar almashinuvini yana-da kengaytirish muhimligiga e'tibor qaratdi. Shuningdek, u O'zbekiston oliy ta'lim tizimidagi islohotlar xalqaro tajriba va innovatsiyalarga asoslanayotgani, bunday forumlar qo'shma loyihalarni amalga oshirishda muhim omil ekanini alohida qayd etdi.
Shuningdek, Germaniya universitetlari rektorlari Konferensiyasi prezidenti Valter Rozental, Germaniya ilmiy-tadqiqotlar jamiyati fondi vitse-prezidenti Karin Yakobslar ham so'zga chiqib, mamlakatimiz bilan fan va ta'lim sohasida hamkorlikni yana-da kengaytirish istagida ekanliklari, qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga tayyorliklarini bildirdilar.
Forum doirasida "Ta'lim va akademik hamkorlik", "Ilmiy tadqiqotlar va inoovatsiyalar" mavzularida panel sessiyalar o'tkazildi. Unda mamlakatimiz va Germaniya universitetlari rektorlari dolzarb mavzular bo'yicha ma'ruzalar qildilar va ishtirokchilarning hamkorlik bo'yicha qiziqtirgan savollariga javob berdilar.
Bundan tashqari, ikki tomonlama uchrashuvlarda universitetlar rektorlari o'rtasida hamkorlikning yangi yo'nalishlari bo'yicha kelishuvlarga erishildi va 60dan ortiq memorandum va kelishuvlar imzolandi.
Tadbir so'nggida mamlakatimizda ta'lim, ilm-fan sohasida hamkorlikni rivojlantirishga hissa qo'shgan bir qator nemis professorlariga rektorlar tomonidan "Faxriy professorlik" unvonlari topshirildi.
Forum zamonaviy ilm-fan va ta'lim sohasida hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish uchun muhim va samarali platforma bo'lib xizmat qildi.
Germaniya universitetlari rektorlari konferensiyasi prezidenti prof. dr. Valter Rozental:
- Bugun mamlakatlarimiz o'rtasida ilm-fan sohasida juda yaxshi hamkorlik munosabatlari shakllandi, universitetlar o'rtasida akademik almashinuv juda dinamik rivojlanmoqda. Bu forumga ko'pchilikning ishtiroki o'zaro hamkorlikka bo'lgan qiziqishning yuqoriligidan darak beradi. O'zbekistonning vazir o'rinbosari bilan juda yaxshi suhbat o'tkazdim. Suhbat chog'ida to'rtta masala, ya'ni akkreditatsiya, ikki mamlakatda universitetlar tashkil etish, ilmiy tadqiqotlar, ya'ni yuqori darajadagi ilmiy tadqiqotlar klasterini yaratish hamda talabalar almashinuvi bo'yicha yaqindan hamkorlik qilmoqchimiz. Endilikda mazkur aniq to'rt yo'nalishda hamkorlikni davom ettirish niyatidamiz.
Germaniya ilmiy tadqiqotlar jamiyati (Deutsche Forschunsggesellschaft) fondi prezidenti o'rinbosari prof. d-r Karin Yakobs:
- Bugungi forumda ishtirok etganimdan juda mamnunman. Bu yerda Germaniya tadqiqot jamg'armasi (DFG) prezidenti, prof. Katya Beker xonim nomidan ishtirok etmoqdaman. Biz bu yerda ko'plab o'zbek va nemis olimlari, universitet rektorlari hamda O'zbekiston tomoni bilan hamkorlik qilishni istagan oliygohlar vakillari bilan uchrashdik. Qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishda o'zbek tomoni imkoniyatlarini o'rganish biz uchun muhim. Kelgusi yil bahor oylarida Germaniyaning amaliy fanlari universitetlari, texnikumlari vakillaridan iborat katta delegatsiya bilan O'zbekistonga borishni hamda u yerdagi tegishli ta'lim muassasalari bilan uchta yirik ilmiy loyiha doirasida hamkorlik istiqbollarini o'rganishni rejalashtirganmiz. Bizga O'zbekiston tomonidan qariyb 100ga yaqin, Germaniya tomonidan esa taxminan 60–70ta loyiha uchun ariza kelib tushgan. Safarimiz davomida har ikki hamkor tomon o'rtasida aloqa o'rnatimiz va ishonamanki, natijada yuqori darajadagi ko'plab ilmiy hamkorlik aloqalari yuzaga keladi. "Germaniya tadqiqot jamg'armasi" Germaniyadagi eng katta ilmiy loyihalar moliyalashtiruvchisidir. Har yili 30 mingdan ortiq loyihalarni qo'llab-quvvatlaymiz, shundan 20 foizi xalqaro hamkorlikdagi loyihalardir. Ushbu loyihalarga har yili taxminan 3 million yevro ajratiladi.
Toshkent Davlat arxitektura va qurilish universiteti rektori Bahrom Tulaganov:
- Mazkur forum O'zbekiston va Germaniya oliy ta'lim muassasalari orasida birinchi marta bo'lib o'tdi. Forum doirasida ko'p qirrali kelishuvlarga erishildi. Xususan, dual ta'limni yo'lga qo'yish, sanoat va ta'lim integratsiyasi, sanoat va ilmiy tadqiqotlar integratsiyasi masalalari bo'yicha kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, Germaniyaning ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuvlar bo'yicha jamg'armalari bilan uzoq muddatli ta'lim grantlari berish masalalari muhokama qilindi. Nemis tomoni ko'r marotaba davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ko'p vektorli va ko'p qirrali hamkorlikni, mamlakatimiz ochilganini ta'kidladi. Forum davomida mamlakatimiz bilan hamkorlikka katta qiziqish va ishonch bildirildi. Germaniyalik hamkorlarimizning bizni tan olishi va uzoq muddatli hamkorlikka ishonch bildirishi bu prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda barcha sohalar kabi ta'lim sohasida ham amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijalari e'tirofidir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-mayda imzolagan 209-qaroriga asosan, Toshkent Davlat arxitektura va qurilish institutini takomillashtirish va transformatsiya qilish doirasida "yashil qurilish", seysmik xavfsizlik, barqaror qurilish, qurilish materiallarini takomillashtirish, eksportni yo'lga qo'yish va boshqa yo'nalishlar bo'yicha Germaniyaning „Bauhaus" universiteti, Drezden, Aaxen, Potsdam, Myunxen texnika universitetlari bilan dual ta'lim, talabalar almashinuvi, tadqiqotchilar almashinuvi bo'yicha hamkorlik yo'lga qo'yilmoqda. Hozirgi kunda 20dan ortiq talabalarimiz akademik almashinuvlar doirasida Germaniyada tahsil olmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zDJTU delegatsiyasi Agradagi universitetga tashrif buyurdi
Farg'ona viloyati maktab o'qituvchilari Yaponiya ta'lim tajribasini o'rgandi
O'zbekistonlik bir guruh professor-o'qituvchilar Malayziyada malaka oshirdi