Farg'ona viloyati maktab o'qituvchilari Yaponiya ta'lim tajribasini o'rgandi
Oktabr 28, 2025. 09:37 • 2 daq
• 52
TOKIO, 28-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Farg'ona viloyati Maktabagacha va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i Sherzod Dolimov boshchiligidagi delegatsiya amaliy safar bilan Yaponiyada bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Delegatsiya tarkibiga O'zbekiston Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi vakillari va Farg'ona viloyatining 19 ta tuman hamda shaharlaridan tanlab olingan mentor-o'qituvchilar kirdi.
Safar davomida delegatsiya a'zolari Tokio shahri Suginami tumani Ta'lim kengashi rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazdi va Farg'ona viloyatida amalga oshirilayotgan loyihani qo'llab-quvvatlash bo'yicha kelishuvga erishdi. Shuningdek, Ta'lim kengashi tashabbusi bilan "Suginami tumani ta'lim tizimi" mavzusida seminar tashkil etildi. Seminar davomida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan masalalarga javob oldilar.
Mamlakatimiz vakillari Suginami tumanidagi boshlang'ich va o'rta maktablarda uch kunlik malaka oshirish kurslarini o'tashdi. Ular aniq va tabiiy fanlar, matematika, ahloqiy va jismoniy tarbiya, mehnat hamda san'at darslarida bevosita ishtirok etib, yapon pedagoglarining dars o'tish usullari, o'quvchilar bilan munosabatlari va bilim hamda ko'nikmalarni samarali yetkazish mahorati bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, maktablarda tushliklarni tashkil etish tizimi, sinfxonalar tozaligi, darslardan tashqari to'garaklar faoliyati hamda nogironligi mavjud va o'zlashtirishi sust bo'lgan o'quvchilar bilan ishlash jarayonlari o'rganildi.
Tashrif davomida O'zbekiston elchixonasida ta'lim sohasidagi ekspertlar tomonidan delegatsiya a'zolari uchun maxsus seminarlar tashkil qilindi. Unda Yaponiya ta'lim tizimi, uning tarixi, huquqiy asoslari, mavjud muammolar va ta'lim rivojlantirish bo'yicha bugungi kunda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to'g'risida ma'lumot berildi.
Bundan tashqari, delegatsiya a'zolari Sukuba universiteti Pedagogika fakultetida bo'lib, universitet professor-o'qituvchilari tomonidan o'tkazilgan "Yaponiyada axloqiy tarbiya ta'limi" va "Pedagoglarni tayyorlash tajribasi" mavzularidagi brifingda ishtirok etishdi.
Safar yakunida, ishtirokchilarga maxsus amaliyotni muvaffaqiyatli o'taganlik haqidagi sertifikatlar topshirildi.
2023/2024 o'quv yilidan boshlab Farg'ona viloyatida har bir shahar va tuman hududidan bittadan maktab tanlab olinib, ularda sinov tariqasida Yaponiya ta'lim tajribasi joriy etilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Berlinda "O'zbekiston-Germaniya universitetlari birinchi forumi" o'tkazildi
O'zDJTU delegatsiyasi Agradagi universitetga tashrif buyurdi
O'zbekistonlik bir guruh professor-o'qituvchilar Malayziyada malaka oshirdi