Qashqadaryoda Germaniya bilan hamkorlikda xususiy maktabgacha ta'lim muassasasi ish boshladi
Oktabr 09, 2025. 13:04 • 2 daq
• 91
QARSHI, 9-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Qarshi shahrida Germaniyaning "Ernst Klett AG" kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Kinderwelt" Markaziy Osiyodagi ilk o'zbek-nemis maktabgacha ta'lim muassasasining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan hamkorlik doirasida tashkil etilgan mazkur maktabgacha ta'lim muassasasining ochilish tadbirida viloyat hokimi Murotjon Azimov, "Ernst Klett" kompaniyasi rahbari Filipp Haussmann boshchiligidagi nemis delegatsiyasi, "Klett Kita & Schule GmbH" bosh direktori Ann-Kristin Verner hamda hokimiyat mas'ullari va keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Tadbirni Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov kirish so'zi bilan ochib, O'zbekiston va Germaniyaning ta'lim sohasidagi hamkorligini yuqori baholar ekan, ushbu hamkorlik viloyatdagi maktabgacha ta'lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishiga o'z hissasini qo'shishini ta'kidladi. "Sifatli ta'lim-tarbiya - mamlakat taraqqiyotini hal qiladigan eng muhim masala ekanini bugun zamonning o'zi ko'rsatmoqda. Iqtisodiyot qanchalik mustahkam bo'lsa, ta'lim rivojlanadi. Ta'lim sifati yuqori bo'lgan mamlakatda esa iqtisodiyot barqaror o'sadi", – dedi viloyat hokimi qutlov nutqida.
So'zga chiqqanlar, O'zbekistonda ilk bor tashkil etilgan zamonaviy, nemis metodologiyasiga asoslangan nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi ish boshlaganidan mamnun ekanliklarini bildirdilar. Mazkur muassasa bolajonlarga zamonaviy Yevropa standartlariga mos ta'lim va tarbiya berishi qayd etildi.
– Ishonamanki, "Kinderwelt" bog'chasiga kelgan bolalar oradan 15 yil o'tib, Germaniyaning eng yaxshi universitetlarida tahsil olishni boshlaydilar, – dedi Filipp Haussmann.
Mazkur loyihani amalga oshirishda nemis hamkorlari tomonidan katta metodik yordam ko'rsatildi, ya'ni o'quv dasturlari, tarbiyasi va o'qituvchilarni qayta tayyorlash, dars berish metodikasi va tarbiyaviy yondashuvlar bo'yicha nemis tajribasi to'liq joriy etildi. Shuningdek, to'rt nafar mahalliy pedagog Germaniyada malaka oshirib, Klett metodologiyasi bo'yicha tayyorgarlikdan o'tishdi. Yaqin kunlarda nemis tarbiyachilarining Qarshi shahriga kelishi va amaliy hamkorlikni davom ettirishi rejalashtirilgan.
Tarbiyalanuvchilar 300 o'ringa mo'ljallangan barcha zamonaviy qulayliklarga ega, bolalar uchun qulay va xavfsiz binoda tarbiya oladilar. Ta'kidlanishicha, ushbu maktabgacha ta'lim tashkiloti loyihasining umumiy qiymati 400 ming dollarga teng bo'lib, germaniyalik va mahalliy investor hamkorligida tashkil etilgan. Kelgusida mamlakatimizda – bu kabi nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini 30taga yetkazish rejalashtirilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Berlinda "O'zbekiston-Germaniya universitetlari birinchi forumi" o'tkazildi
O'zDJTU delegatsiyasi Agradagi universitetga tashrif buyurdi
Farg'ona viloyati maktab o'qituvchilari Yaponiya ta'lim tajribasini o'rgandi