Logo

Germaniyaning Zigen shahridagi Xalqaro tillar institutida "O'zbekiston kechasi" o'tkazildi

Avgust 06, 2025. 14:24 • 58 soniya

182
Germaniyaning Zigen shahridagi Xalqaro tillar institutida "O'zbekiston kechasi" o'tkazildi

ZIGEN, 6-avgust. / "Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan Germaniyaning Zigen shahrida joylashgan Xalqaro tillar institutida "O'zbekiston kechasi" o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ikki mamlakat o'rtasida ta'lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bag'ishlangan mazkur tadbirda institut rahbariyati, professor-o'qituvchilar, mamlakatimiz diplomatlari va ushbu oliygohda tahsil olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi.

Tadbirning rasmiy ochilish qismida so'zga chiqqan institut direktori Mina Vilgelm O'zbekiston allaqachon institutning yaqin hamkorlaridan biriga aylanganini va kelgusida keng ko'lamli loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilayotganini ta'kidladi.

Qayd etilishicha, joriy yilda institut rahbariyati Toshkent, Samarqand, Farg'ona, Andijon va Namangan shaharlarida bo'lib, ushbu shaharlardagi o'quv markazlari bilan hamkorlik o'rnatgan. Unga ko'ra, tegishli imtihondan muvaffaqiyatli o'tgan talabgorlar "IFINS" ko'magida talabalik vizasini olishi va Germaniyaga qo'shimcha ta'lim olish uchun – kollej, institut yoki kasb-hunar ta'limi dasturi bo'yicha o'qishga kelishi mumkin.

Ta'kidlash joizki, mazkur qo'shma loyiha ikki mamlakat tomonidan ham iliq kutib olindi. Unda nafaqat til o'rgatish, balki madaniy integratsiyalashuv, yangi mamlakatga talabalarning moslashishi va yaqindan ko'mak berishiga e'tibor qaratiladi.

Hozirgi kunda mazkur institutda 1000 nafarga yaqin turli millat vakillari 40 ta integratsion va talabalikka tayyorlov kurslarida nemis tilini o'rganmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish