Logo

O'zbekiston va Malayziya oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik ilm-fan va ta'lim sifatini oshirishda mushtaraklik kasb etmoqda

Noyabr 22, 2023. 08:05 • 59 soniya

233
O'zbekiston va Malayziya oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik ilm-fan va ta'lim sifatini oshirishda mushtaraklik kasb etmoqda

KUALA-LUMPUR, 22-noyabr. /"Dunyo" AA/. Namangan muhandislik-texnologiya instituti (NamMTI) prorektori Oybek Ergashev boshchiligidagi o'qituvchilar va talabalardan iborat ushbu oliy ta'lim muassasasi delegatsiyasi 11-18-noyabr kunlari amaliy safar bilan Malayziyada bo'ldi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrifdan maqsad Malayziyaning eng yirik va yetakchi davlat oliy ta'lim muassasalaridan biri - MARA Texnologiya universiteti bilan professor, o'qituvchilar va talabalar almashinuvi dasturini amalga oshirishdan iborat.


Safar davomida MARA Texnologiya universiteti rahbariyati va jamoasi bilan muzokaralar tashkil etildi. Unda oliy ta'lim muassasalari o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, akademik almashinuv dasturlari, ilmiy stajirovkalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.


Shuningdek, mamlakatimiz delegatsiya a'zolari universitet laboratoriyalari, ilmiy markazlari, biznes-akseleratsiya markazlari va oliy bilim yurti qoshidagi Sulton Abdulla nomidagi gospitali faoliyati bilan yaqindan tanishdi.


Bo'lib o'tgan muzokaralar yakunida fundamental, amaliy, innovatsion hamda start-up loyihalarni ishlab chiqish hamda klinik va farmatsevtik tadqiqotlarni birgalikda amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.


MARA Texnologiya universiteti 1956-yilda tashkil etilgan. Universitet mamlakatning barcha shtatlarida 34 ta filialga ega. Mazkur oliy ta'lim muassasasi «QS Rankings» jahon reytingida 555-o'rinda qayd etilgan.


Joriy yilning avgust oyida NamMTI rektori Odiljon Mamatkarimovning Kuala-Lumpurga safari doirasida tomonlar o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan edi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish