Logo

O'zbekiston universiteti eng nufuzli xalqaro ta'lim reytingida dunyoning kuchli 500 ta oliy ta'lim muassasasi qatoridan joy oldi

Iyun 22, 2025. 10:40 • 2 daq

154
O'zbekiston universiteti eng nufuzli xalqaro ta'lim reytingida dunyoning kuchli 500 ta oliy ta'lim muassasasi qatoridan joy oldi

LONDON, 22-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Britaniyaning "Quacquarelli Symonds–QS" tashkiloti asoschisi hamda prezidenti Nunsio Kvakkarelli bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvdan ko'zlangan asosiy maqsad mamlakatimizdagi oliy bilim yurtlarining xalqaro reytinglardagi o'rinlarini mustahkamlash, nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish, milliy oliy ta'lim tizimini yana-da barqaror rivojlanishida global reytinglar va ularning mezonlarini bosqichma-bosqich joriy etishdan iborat bo'ldi.

Muloqot chog'ida Nunsio Kvakkarelli "Quacquarelli Symonds–QS" tashkilotining shakllanishi, faoliyati va uning ustuvor vazifalari to'g'risida so'zlab berdi.

Uning aytishicha, so'nggi yillarda O'zbekiston oliy ta'lim tizimida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatda oliy ta'lim muassasalarining akademik standartlarini yuksaltirish va xalqaro reytinglarda ishtirokini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratilyapti. Ushbu sa'y-harakatlar O'zbekistonni Markaziy Osiyoda oliy ta'lim olish uchun eng qulay va muhim bo'lgan yirik manzil sifatidagi ahamiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Britaniya tomoni O'zbekistonning 7 ta oliy ta'lim muassasasi dunyoning eng nufuzli oliy bilim yurtlari qatoridan joy egallaganini mamnuniyat bilan ma'lum qildi. Jumladan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (469 o'rin), O'zbekiston milliy universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat transport universiteti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti kabi oliy ta'lim muassasalari "QS World University Rankings 2026" reytinglarida qayd etilgan.

Shuningdek, ta'lim sohasida O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda respublika universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini jadallashtirishga tayyor ekanligini bildirdi.

"QS" 1990-yilda Nunsio Kvakkarelli tomonidan ta'sis etilgan. U oliy ta'lim tashkilotlarining xalqaro reytinglari va tahlili bo'yicha dunyoning eng nufuzli tashkiloti hisoblanadi. Muassasaning 800 nafar (dunyo bo'ylab) ekspertlari tomonidan jahonning 6950 ta universitetlarining xalqaro reytinglari tahlili olib boriladi. Mazkur tashkilotning bosh ofisi Londonda joylashgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish