Logo

Zangiota tumanidagi Ayollar koloniyasiga inson huquqlariga oid tarqatma materiallar va kitoblar, shaxsiy gigiyena vositalari topshirildi

Dekabr 20, 2024. 18:49 • 3 daq

419
Zangiota tumanidagi Ayollar koloniyasiga inson huquqlariga oid tarqatma materiallar va kitoblar, shaxsiy gigiyena vositalari topshirildi

TOSHKENT, 20-dekabr. /"Dunyo" AA/. Kecha Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi "Sadoqat" bog'i madaniyat markazida 21-son koloniyada jazoni o'tayotgan xotin-qizlar uchun kitoblar va inson huquqlariga oid tarqatma materiallar, shuningdek, shaxsiy gigiyena vositalari topshirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi tomonidan YXHTning mamlakatimizdagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Mazkur aksiyaning maqsadi mahkumalarning ma'rifat va huquq bo'yicha adabiyotlardan foydalanishini ta'minlash, shuningdek, ularni saqlash sharoitlarining sanitariya-gigiyena holatini yaxshilashga ko'maklashish bo'ldi.


Marosimda YXHTning O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, elchi Antti Karttunen, O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig'i o'rinbosari Otabek Satimbayev, 21-koloniya boshlig'i Gulruh Karimova, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz direktorining birinchi o'rinbosari Mirzatillo Tillaboyev, Milliy markaz direktori o'rinbosari Dilnoza Muratova hamda Jazoni ijro etish departamentining boshqa rasmiy shaxslari va xodimlari ishtirok etishdi.


Mirzatillo Tillaboyev tadbir doirasida 600 dan ortiq adabiyot, jumladan "Demokratlashtirish va inson huquqlari" jurnali nashrlari, shuningdek, shaxsiy gigiyena vositalari topshirilganini qayd etdi. O'zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarish, xususan, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish hamda qiynoqlarning oldini olish bo'yicha faol choralar ko'rayotgani ta'kidlandi. Ayniqsa, konstitutsiyaviy maqomga ega bo'lgan inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratilayotgani e'tirof etildi.


Elchi Antti Karttunen mazkur tashabbus "Gender tenglik bo'yicha milliy mexanizmni ilgari surishga ko'maklashish" loyihasi doirasida amalga oshirilayotganini va joriy yil 31-oktyabrda bo'lib o'tgan "Jazoni ijro etish muassasalarini boshqarishning genderga sezgir strategiyalari: ilg'or tajriba va asosiy muammolar" mavzusidagi ekspertlar davra suhbatida boshlangan ishlarning davomi ekanini ta'kidladi.


Uning aytishicha, tadbir Xotin-qizlarni kamsitishlarga barham berish qo'mitasi (CEDAW) tavsiyalariga mos keladi va ozodlikdan mahrum etish joylarida ayollarni saqlash sharoitlarini yaxshilashga, shu jumladan genderga sezgir yondashuvni ta'minlashga hamda ma'rifiy va madaniy rivojlanish uchun qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilgan.


Otabek Satimbayev mahkumlarni saqlash sharoitlarini insonparvarlashtirish, jumladan qarindoshlar bilan muloqot qilish, ta'lim olish va tibbiy yordamdan foydalanish huquqlarini kengaytirishga qaratilgan qonunchilikdagi so'nggi o'zgarishlar haqida ma'lumot berdi. Shuningdek, Ombudsman, Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz va boshqa vakolatli organlar vakillari uchun jazoni ijro etish muassasalariga kirish imkoniyati ta'minlanganini ta'kidladi.


Gulruh Karimova mahkumlarni axloqan tuzatish jarayonida kitoblarning muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi. Muassasada kutubxona fondlaridan foydalanish uchun barcha sharoitlar yaratilganini ma'lum qildi.


Dilnoza Muratova ta'kidlaganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson huquq va erkinliklarini ta'minlashga qaratilgan bo'lib, yangi konstitutsiyaviy-huquqiy shartlarga to'la javob beradi. Koloniyaning kutubxona fondini yangilashdan ko'zlangan maqsad – qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan insonlarga yordam berish, ularni jamiyatga qaytarish va yangi hayot imkoniyatini berish ekanligi qayd etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish