Logo

O'zbekiston Senati raisi va Fransiya elchisi parlamentlararo "do'stlik guruhlari" o'rtasidagi muloqotni faollashtirish muhimligini ta'kidladilar

Sentabr 30, 2025. 13:02 • 1 daq

261
O'zbekiston Senati raisi va Fransiya elchisi parlamentlararo "do'stlik guruhlari" o'rtasidagi muloqotni faollashtirish muhimligini ta'kidladilar

TOSHKENT, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva Fransiya elchisi Ualid Fuk bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, Senat Raisi diplomatni O'zbekistondagi vazifasini boshlagani bilan tabrikladi hamda uning professional tajribasi ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

So'nggi yillarda O'zbekiston–Fransiya munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko'tarilgani ta'kidlandi. Bunga oliy darajadagi muntazam tashriflar, shuningdek, iqtisodiyot va investitsiyalardan tortib, ta'lim va madaniyatgacha bo'lgan keng ko'lamli sohalarni qamrab olgan imzolangan kelishuvlar xizmat qildi.

Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik masalalariga ham e'tibor qaratildi. Ikki mamlakat parlamentlari o'rtasidagi hamkorlik konstruktiv tarzda davom etayotgani, ikki tomonlama tashriflar va parlament a'zolarining xalqaro forumlardagi ishtiroki hisobiga mustahkamlanib borayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan tegishli qo'mitalar va parlamentlararo "do'stlik guruhlari" o'rtasidagi muloqotni faollashtirish muhimligi ta'kidlandi.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ta'lim sohalarida ikki tomonlama hamkorlik loyihalari ijobiy xususiyat kasb etganini qayd etildi. Madaniyat va madaniy merosni asrash, tarixiy yodgorliklarni restavratsiya qilishda hamkorlik loyihalarini va tajriba almashinuvni kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, turizm sohasining turli yo'nalishlarida talabalar uchun maxsus dasturlarni tashkil etish yuzasidan fikr almashildi.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish