Logo

O'zbekiston va Qirg'iziston xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi hamkorlikni kengaytiradi

May 14, 2025. 16:55 • 2 daq

35
O'zbekiston va Qirg'iziston xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi hamkorlikni kengaytiradi

TOSHKENT, 14-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva kecha Oliy Majlis va Jogorku Kenesh o'rtasida hamkorlik bo'yicha parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirg'iziston Jogorku Keneshi torag'asi o'rinbosari Nurlanbek Azigaliyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Parlament yuqori palatasi ma'lumotiga ko'ra, uchrashuvda parlamentlararo hamkorlikning dolzarb masalalari, O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasidagi hamkorlikning holati va uni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Parlamentlararo hamkorlik ikki do'st davlat o'rtasidagi barqaror siyosiy muloqotning eng muhim jihatlaridan biri ekani ta'kidlandi.

Tomonlar oliy darajadagi o'zaro tashriflar hamda xalqaro parlament forumlari doirasida kengayib borayotgan ikki tomonlama aloqalarning izchil sur'atini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Parlamentlararo komissiya yig'ilishlarini hududlarda o'tkazishning ijobiy amaliyotiga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlarning fikricha, bu hududlararo aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi va joylardagi o'ziga xosliklarni hisobga olish imkonini beradi. Komissiya parlament a'zolari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri muloqot uchun samarali maydon bo'lishi hamda ikki tomonlama kun tartibini aniq tashabbuslar bilan boyitishi muhimligi ta'kidlandi.

Shuningdek, muloqot chog'ida Parlamentlararo komissiya faoliyati doirasida Samarqandda o'tkazilgan birinchi O'zbekiston-Qirg'iziston turizm forumi ikki mamlakat o'rtasidagi hamkorlikni faollashtirishda navbatdagi qadam ekani, o'zbek va qirg'iz xalqlari o'rtasida turizm va madaniy almashinuv sohasida muhim voqea bo'lgani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida hamkorlikni kengaytirish, do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va mintaqaning barqaror rivojlanishini mustahkamlashga qaratilgan qo'shma loyihalarni amalga oshirishdan o'zaro manfaatdor ekanligini tasdiqladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish