Logo

O'zbekiston va BAA parlamentlari do'stlik guruhlarining birinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi

Oktabr 16, 2025. 18:43 • 54 soniya

35
O'zbekiston va BAA parlamentlari do'stlik guruhlarining birinchi uchrashuvi bo'lib o'tdi

ABU-DABI, 16-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Oliy Majlisi va Birlashgan Arab Amirliklari Federal milliy kengashi parlamentlararo do'stlik guruhlari birinchi onlayn uchrashuvi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda BAA tomonidan Federal milliy kengashi ning Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo'yicha do'stlik qo'mitasi raisi Muhammad Al Ali, qo'mita raisi o'rinbosari Sedra Al Mansuri va ushbu qo'mita vakillari, O'zbekiston tomonidan do'stlik guruhi hamraisi, Senatning Byudjet va iqtisodiyot masalalari qo'mitasi raisining o'rinbosari Qobul Tursunov boshchiligidagi do'stlik guruhi a'zolari ishtirok etdi. Shuningdek, ikki davlat elchilari qatnashdi.

Mazkur tadbir yangi a'zolar tomonidan tashkil etilgan ilk uchrashuv bo'lib, o'zaro ishonch va do'stlik ruhida o'tdi. Tomonlar ikki davlat o'rtasidagi strategik sheriklikni parlamentlar darajasida chuqurlashtirish, xalqaro maydonda bir-birini qo'llab-quvvatlash masalalarini atroflicha muhokama qildi, muhim global muammolar yuzasidan fikr almashdi.

Kelgusidagi ishlarni muvofiqlashtirish, ikki davlat o'rtasidagi do'stlik va hamkorlikni kengaytirish, delegatsiyalar almashinuvi, qo'shma tadbirlar tashkil etish, amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar ustidan parlament nazoratini kuchaytirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida do'stlik guruhining navbatdagi yig'ilishini O'zbekistonda o'tkazish taklif etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish